Gadjetlar

Samsung yetakchi: oxirgi 3 oyda eng ko‘p sotilgan smartfon brendlari

Xotira tanqisligi bozorga bosim qildi
Samsung Galaxy M47 5G ranglari
Foto: Gizmochina

2026-yilning ikkinchi choragida global smartfon yetkazib berish hajmi yillik hisobda 11 foizga kamaydi. Counterpoint Research hisob-kitoblariga ko‘ra, bu 2013-yildan beri ikkinchi chorak uchun eng past natija bo‘ldi.

Xotira tanqisligi bozorga bosim qildi

Bozor pasayishining asosiy sababi DRAM va NAND xotira chiplarining qimmatlashishi bo‘ldi.

Xotira ishlab chiqaruvchilari sun’iy intellekt ma’lumotlar markazlariga ustuvorlik bergani sabab smartfon ishlab chiqaruvchilari uchun komponentlar narxi oshdi. Natijada arzon va o‘rta narx segmentidagi qurilmalar qimmatlashdi.

Yaqin Sharqdagi geosiyosiy keskinlik, neft va logistika xarajatlarining oshishi ham smartfon narxlariga qo‘shimcha bosim o‘tkazdi.

Samsung 24 foiz ulush bilan birinchi bo‘ldi

Samsung 2026-yilning ikkinchi choragida 24 foizlik bozor ulushi bilan global yetakchilikni qaytarib oldi.

Bir yil avval kompaniyaning ulushi 20% edi. O‘sishga Galaxy S26 seriyasining muvaffaqiyatli sotuvlari, yozgi aksiyalar va Hindiston hamda Yaqin Sharqdagi barqaror talab yordam berdi.

Galaxy S26 Ultra modeli maxfiylik ekrani va sun’iy intellekt funksiyalari tufayli, ayniqsa, yuqori talabga ega bo‘ldi.

Apple ulushi rekord 20 foizga yetdi

Apple yetkazib berish hajmini yillik hisobda 3 foizga oshirdi va bozor ulushini 20 foizga yetkazdi.

Kompaniya chorak davomida narxlarni oshirmagan yirik ishlab chiqaruvchilardan biri bo‘ldi. iPhone 17 seriyasi esa dunyoda eng ko‘p yetkazib berilgan model qatorida qoldi.

Shu bilan birga, Xitoy bozorida Apple savdosi o‘tgan yilga nisbatan kamaygan.

Xiaomi, Oppo va vivo savdosi pasaydi

Xiaomi 12 foizlik ulush bilan uchinchi o‘rinni egalladi. Kompaniyaga Redmi Note 15, Redmi K90 va Xiaomi 17 seriyalari yordam berdi. Oppo 11 foiz, vivo esa 8 foiz bozor ulushiga ega bo‘ldi.

Uchala kompaniya ham arzon va o‘rta segmentga kuchli bog‘liq bo‘lgani sabab xotira narxlarining oshishidan ko‘proq zarar ko‘rdi.

Google va Huawei o‘sish ko‘rsatdi

Top – 5 tarkibiga kirmagan brendlar orasida Google yetkazib berish hajmini 16 foizga, Huawei esa 6 foizga oshirdi.

Google’ning o‘sishiga Pixel 10 va Pixel 10a, Huawei’ga esa Mate 80, Nova 15 va Enjoy 90 seriyalari yordam berdi.

2026-yilda bozor 14 foizga qisqarishi mumkin

Counterpoint Research 2026-yil yakunida global smartfon yetkazib berish hajmi qariyb 14 foizga kamayishini kutmoqda.

Xotira tanqisligi 2027-yilda ham davom etishi mumkin. Shu sabab ishlab chiqaruvchilar arzon modellardan qisqartirib, qimmatroq qurilmalar, eski avlod smartfonlari va qayta tiklangan telefonlarga ko‘proq e’tibor qaratishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samsung Galaxy S26 Ultra smartfoni $200 ga arzonlagandi. Samsung‘ning Buyuk Britaniyadagi rasmiy do‘konida Galaxy S26 Ultra’ning 256 GB xotirali versiyasi $1,5 minggacha tushadi. 512 GB versiya $1,7 ming, 1 TB xotirali model esa $2 ming narxda sotilmoqda.