Yangiliklar

Zangiota va Buvaydada korrupsion holatlar fosh etildi

Hozirda har ikki holat yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan
Zangiota va Buvaydada korrupsion holatlar fosh etildi
Foto: DXX

Toshkent viloyatining Zangiota tumani hamda Farg‘ona viloyatining Buvayda tumanida mansabdor shaxslar bilan bog‘liq ikki korrupsion holat aniqlandi. Bu haqda DXX xabar bermoqda.

Zangiota tumanidagi xalq orasida «Chinni bozor» nomi bilan tanilgan «Xo‘jalik mollari va hunarmandlar savdo kompleksi»da faoliyat yurituvchi yakka tartibdagi tadbirkorning do‘konida soliq tekshiruvi o‘tkazilgan.

Tekshiruv davomida tadbirkor savdodan tushgan mablag‘larni mobil ilovalar orqali shaxsiy bank kartasiga o‘tkazgani va ularni YATT hisob raqamiga kirim qilmagani aniqlangan.

Tergovga qadar tekshiruv ma’lumotlariga ko‘ra, Zangiota tumani Soliq inspeksiyasi bosh inspektori tadbirkorga ushbu qoidabuzarlik uchun 160 mln so‘m jarima solinishi mumkinligini aytgan. U jarimani bartaraf etib berish evaziga $1 ming talab qilganlikda gumon qilinmoqda.

DXX va Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari o‘tkazgan tezkor tadbirda bosh inspektorning topshirig‘i bilan tadbirkordan pulni olgan vositachi ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Foto: DXX

Buvaydada elektr korxonasi muhandisi

Shunga o‘xshash holat Buvayda tumanida ham qayd etildi. Tumandagi elektr ta’minoti korxonasi muhandisi quyosh panellarini o‘rnatish bilan shug‘ullanuvchi tadbirkordan $1 ming olayotgan vaqtda ushlangan.

Aniqlanishicha, muhandis o‘ziga biriktirilgan hududda quyosh panellari o‘rnatishi kerak bo‘lgan xo‘jalik yurituvchi subyektlarni tadbirkorga mijoz sifatida yo‘naltirishni va’da qilgan. Shuningdek, u panellarni o‘rnatish uchun zarur hujjatlarni rasmiylashtirish hamda texnik shart olib berish evaziga jami $5 ming talab etganlikda gumon qilinmoqda.

Hozirda har ikki holat yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. Gumonlanuvchilarning aybdorligi sud hukmi bilan aniqlanadi.

Avvalroq «Kursiv» Urgut tumani prokurori o‘rinbosari pora bilan ushlangani haqida yozgan edi.