
Soliq organlari tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvlar natijasida soxta realizatsiya orqali yirik miqdordagi keshbek mablag‘larini asossiz qaytarib olishga qaratilgan yirik sxema aniqlandi. Bu haqda Soliq qo’mitasi ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, soxta realizatsiya fiskal cheklari orqali keshbek summalarini asossiz ravishda qaytarib olish holatlari aniqlangan. Tekshiruvlarda fuqaro tomonidan 2026-yilning o‘zida uchta MChJ tashkil etilgan.
1,1 trillion so‘mlik kamomad
Aniqlanishicha, 2026-yil 16-may kuni faqat bir kunning o‘zida «VS» MChJ tomonidan «ZSQ» MChJdan 585,7 mlrd so‘mlik, «GWI» MChJ tomonidan esa «ABB777» MChJdan 551,8 mlrd so‘mlik hamda «ZSQ» MChJdan 2,7 mlrd so‘mlik sariyog‘ mahsulotlari kirim qilingan. Biroq sayyor soliq tekshiruvi davomida realizatsiya qilinmagan deb ko‘rsatilgan jami 1 140 200 000 000 so‘mlik tovarlar omborlarda yoki realizatsiya joylarida mavjud emasligi, ya’ni kamomad aniqlangan.
Tekshiruvlar davom etmoqda
Shuningdek, fuqaroga tegishli bo‘lgan «CR» MChJ faoliyati yuzasidan ham sayyor soliq tekshiruvi o‘tkazilmoqda. Soliq organlari yashirin iqtisodiyotning oldini olish maqsadida mazkur jamiyatlar tomonidan soxta keshbek olish sxemalari bartaraf etilganini ma’lum qildi. Tekshiruv materiallarini tegishli organlarga yuborish choralari ko‘rilmoqda.
Yana milliardlab so‘mlik qonunbuzarliklar
«ZSQ» MChJda Surxondaryo viloyati soliq boshqarmasi tomonidan 9-iyul kuni o‘tkazilgan sayyor soliq tekshiruvida 1 820 495 000 000 so‘mlik, «ABB777» MChJda esa Navoiy viloyati soliq boshqarmasi tomonidan 1-iyul kuni o‘tkazilgan soliq auditida 1 832 323 000 000 so‘mlik rasmiylashtirilmagan, ya’ni kirim qilinmagan tovarlarni realizatsiya qilish holatlari aniqlangan.
Mazkur holatlar bo‘yicha rasmiylashtirilgan tekshiruv hujjatlari huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 1 foizlik soliq keshbeki bekor qilinishi mumkinligi haqida yozgan edik.