Banklar va moliya

20 dan ortiq bank va mikromoliya tashkiloti jarimaga tortildi

Chalg‘ituvchi reklamalar aniqlangan
Dam olish kunlari qaysi banklarda valyutani qulay ayirboshlash mumkin
Foto: Navsesto / Depositphotos

Raqobat qo‘mitasi moliyaviy xizmatlar reklamasida qonun talablarini buzgan 20 dan ortiq tijorat banki va mikromoliya tashkilotiga moliyaviy jarima qo‘lladi. Ayrim reklamalarda kredit va omonatlarning muhim shartlari to‘liq ko‘rsatilmagani aniqlangan.

Chalg‘ituvchi reklamalar aniqlangan

Qo‘mita ommaviy axborot vositalari, internet saytlari va ijtimoiy tarmoqlardagi reklamalarni o‘rgangan.

Monitoring davomida iste’molchilarni chalg‘ituvchi yoki noto‘g‘ri ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan reklama holatlari uchragani qayd etildi. Qoidabuzarliklarning asosiy qismi moliyaviy xizmatlar reklamasiga to‘g‘ri kelgan.

Muhim shartlar yashirilgan

Ayrim reklamalarda kredit va omonatlar bo‘yicha foiz stavkalari, amal qilish muddati, minimal talablar hamda qo‘shimcha to‘lovlar ko‘rsatilmagan.

Shuningdek, mikroqarz shartlari, vositachilik haqi va sug‘urta to‘lovlari haqidagi ma’lumotlar juda qisqa, noaniq yoki o‘qish qiyin shaklda berilgani aniqlangan.

Ikki ma’noli iboralar ishlatilgan

Ba’zi reklamalar xizmat shartlarini bo‘rttirib ko‘rsatgan yoki ikki ma’noli iboralardan foydalangan.

Boshqa tashkilotlar nomi va tovar belgilariga tegishli kalit so‘zlar orqali iste’molchilarni chalg‘itish holatlari ham kuzatilgan.

Qonunchilikka ko‘ra, moliyaviy xizmatlar reklamasi boshqa axborotdan aniq ajralib turishi va shartnoma tuzishda muhim bo‘lgan barcha shartlarni ochib berishi kerak.

Ma’lumotlarni mayda shrift, yashirin matn yoki fon bilan uyg‘unlashib ketadigan shaklda berishga yo‘l qo‘yilmaydi. Qo‘mita bunday qoidabuzarliklar aniqlansa, moliyaviy sanksiyalar qo‘llanishini eslatdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Markaziy bank 14 ta bankka 681,5 mln so‘m jarima qo‘llagandi. Tekshiruvlarda banklar iste’molchilar bilan ishlashda oshkoralik, shaffoflik hamda ma’lumotlarning to‘liq va to‘g‘ri berilishi bo‘yicha ayrim qonunchilik talablariga rioya qilmagani aniqlangan.