
2026-yilning dastlabki olti oyida 18 nafar ichki ishlar organi xodimi xizmat vazifasini bajarish chog‘ida vafot etdi. Bu haqda ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Ramazon Ashropov ma’lum qildi.
«2026 yilning o‘zida 18 nafar xodim xizmat vazifasini bajarish chog‘ida vafot etgan. Ularning yorqin xotirasi esa qalbimizda mangu yashaydi. Shu bilan birga, 78 nafar safdoshlarimiz turli xavfli vaziyatlarni bartaraf qilish jarayonida jarohatlangan», – deya ma’lumot berdi vazir o‘rinbosari.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahar IIBBda xizmat vazifasini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan Hosilbek Eshnazarovning oilasiga uch xonali uy berilgandi.
Shuningdek, 5-mart kuni uning xotirasiga bag‘ishlab yodgorlik majmuasi ochilgan. Joriy yil 25-fevral kuni Toshkent shahrining Mirobod tumanida voyaga yetmagan Doniyor Turg‘unov avtomashinada yo‘l-patrul xizmati inspektori Hosilbek Eshnazarovni urib yuborgan, inspektor esa og‘ir jarohatlar oqibatida vafot etgan edi.
