
O‘zbekiston terma jamoasi va Turkiyaning «Istanbul Bashakshehir» klubi futbolchisi Abbosbek Fayzullayevning narxi ikki baravardan ko‘proqqa oshirilishi mumkin.
Transfermarkt foydalanuvchilari tomonidan bildirilgan taklifda foydalanuvchilar futbolchi qiymatini 7 mln yevrodan 15 mln yevrogacha ko‘tarish kerak deb hisoblamoqda.
Bunday taklifga Fayzullayevning 2026-yilgi jahon chempionatidagi ishonchli o‘yini sabab bo‘lgan. U Kolumbiyaga qarshi uchrashuvda O‘zbekistonning jahon chempionatlari tarixidagi ilk golini urdi. O‘zbekiston ushbu bahsda 1:3 hisobida imkoniyatni boy bergan bo‘lsa-da, Fayzullayevning harakatlari xalqaro futbol jamoatchiligi e’tiborini tortdi.

Transfermarkt forumidagi ikki foydalanuvchi futbolchining amaldagi 7 mln yevrolik bahosi uning hozirgi saviyasi va imkoniyatlariga mos kelmay qolganini ta’kidlagan. Ularning fikricha, mundialdagi gol, klub va terma jamoadagi barqaror o‘yin hamda Yevropa jamoalarining qiziqishi uning qiymatini 15 mln yevrogacha oshirish uchun yetarli asos bo‘la oladi.
O‘yinchining kelajagi haqida

Muhokamada Angliyaning «Liverpul» klubi Fayzullayevning jahon chempionatidagi o‘yinlarini kuzatish uchun skautlarini yuborgani haqidagi xabarlar ham eslatilgan. Biroq hozircha ingliz klubi tomonidan rasmiy taklif berilgani haqida ma’lumot yo‘q.
Barcha foydalanuvchilar ham futbolchining qiymatini keskin oshirish tarafdori emas. Muhokama qatnashchilaridan biri Fayzullayev jahon chempionatida gol urganiga qaramay, 15 mln yevrolik bahoni oqlaydigan darajada barqaror natija ko‘rsatmaganini bildirgan. Uning fikricha, hozirgi 7 mln yevrolik qiymat adolatli baho bo‘lib qolmoqda.
Transfermarkt ma’lumotlariga ko‘ra, Fayzullayevning amaldagi bozor qiymati 7 mln yevroni tashkil etadi. Oxirgi baholash 2026-yil 21-mayda o‘tkazilgan. Platforma jahon chempionatida qatnashgan futbolchilarning yangilangan qiymatlarini 22-iyul kuni e’lon qilishi kutilmoqda.
Futbolchi haqida

Abbosbek Fayzullayev 2003-yil 3-oktabrda Sirdaryo viloyatida tug‘ilgan. U hujumkor yarim himoyachi va qanot futbolchisi sifatida o‘ynaydi. Faoliyatini Toshkentning «Paxtakor» klubida boshlagan futbolchi 2023-yil avgustida Moskvaning «SSKA» jamoasiga o‘tgan.
Fayzullayev Rossiya klubidagi o‘yinlari orqali Yevropa futbolida tanildi. U 2023/24-yilgi mavsum yakunida Rossiya Premyer-ligasining «Mavsum kashfiyoti» sovrinini qo‘lga kiritdi. Shuningdek, Osiyo futbol konfederatsiyasi tomonidan 2023-yilning eng yaxshi yosh futbolchisi deb topildi.
2025-yil iyulida Fayzullayev «SSKA»dan «Istanbul Bashakshehir»ga o‘tdi va Turkiya klubi bilan 2030-yil yozigacha mo‘ljallangan shartnoma imzoladi. Hozirda u jamoaning 11-raqamli futbolchisi hisoblanadi.
Avvalroq «Kursiv» Abbosbek Fayzullayev to‘yda qaylig‘ini qanday o‘pgani haqida yozgan edi.