
O‘zbekiston terma jamoasi himoyachisi Abduqodir Husanov «Manchester Siti» safida barcha musobaqalarda 40 ta uchrashuvda maydonga tushib, ularning 34 tasini asosiy tarkibda boshlagan. Fox Sports futbolchining o‘yinlarini tahlil qildi.
Futbolchi Angliya klubi libosida jami 3025 daqiqa harakat qilgan. Husanovning Angliya Premer-ligasidagi eng sermahsul davri 2025-yilga to‘g‘ri kelgan. U chempionatda 21 ta uchrashuvda qatnashib, 15 marta boshlang‘ich tarkibdan joy olgan va maydonda 1432 daqiqa o‘tkazgan. Himoyachi ushbu bahslarda 946 ta aniq uzatmani amalga oshirgan, paslarining aniqlik darajasi 92 foizni tashkil etgan.

O‘zbekistonlik futbolchi Premer-ligadagi o‘yinlar davomida jamoadoshlari uchun beshta golli vaziyat yaratgan. Shuningdek, 20 ta uzoq masofali uzatmani aniq yetkazib bergan, ikki marta raqibni dribling orqali ortda qoldirgan va sakkiz marta to‘pni yo‘qotgan.
Chempionlar ligasida Husanov «Manchester Siti» uchun yettita o‘yinda qatnashib, ularning barchasini asosiy tarkibda boshlagan. U Yevropaning nufuzli klub turnirida jami 605 daqiqa o‘ynagan. 2025-yilgi olti uchrashuvda himoyachi 413 ta aniq uzatma bergan va 95,8 foizlik pas aniqligini qayd etgan. Bundan tashqari, uchta xavfli vaziyat yaratib, uchta uzoq uzatmani aniq amalga oshirgan.

Angliya Liga kubogida qanday harakat qildi
Futbolchi Angliya Liga kubogida beshta o‘yinda 423 daqiqa, klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida esa bitta uchrashuvda 61 daqiqa maydonda harakat qilgan. Klub saytida ayrim musobaqalar bo‘yicha paslar va boshqa nazorat ko‘rsatkichlari to‘liq keltirilmagan.
Husanov «Manchester Siti»ga o‘tishidan oldin Fransiyaning «Lans» klubi safida Liga 1, Chempionlar ligasi va Yevropa ligasida jami 26 ta uchrashuv o‘tkazgan. U barcha o‘yinlarni asosiy tarkibda boshlab, maydonda 1761 daqiqa harakat qilgan.
Milliy jamoa bilan

Himoyachi 2026-yilgi jahon chempionatida O‘zbekiston terma jamoasining uchta uchrashuvida to‘liq 270 daqiqa o‘ynagan. U mundial bahslarida 75 ta aniq pas bergan, uzatmalar aniqligi esa 87,2 foizni tashkil etgan.
Husanov 2023-yilgi yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatida ham to‘rtta o‘yinni to‘liq o‘tkazgan, 2024-yilgi Olimpiadada esa O‘zbekistonning uchala uchrashuvida asosiy tarkibda maydonga tushgan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Abbosbek Fayzullayev to‘yda qaylig‘ini qanday o‘pgani haqida yozgan edi.