Yangiliklar

AQSh Hormuz bo‘g‘ozi orqali o‘tadigan kemalarga yig‘imni bekor qildi

Bu qaror Yaqin Sharq davlatlari bilan o‘tkazilgan muzokaralardan so‘ng qabul qilingan
AQSh Hormuz bo‘g‘ozi orqali o‘tadigan kemalarga yig‘imni bekor qildi
Foto: BBC

AQSh prezidenti Donald Tramp Hormuz bo‘g‘ozi orqali harakatlanadigan kemalardan yig‘im undirish rejasi bekor qilinganini ma’lum qildi. Bu haqda Truth Social tarmog‘ida xabar berdi.

Uning aytishicha, bu qaror Yaqin Sharq davlatlari bilan o‘tkazilgan muzokaralardan so‘ng qabul qilingan.

Savdo va investitsiyaga urg‘u berildi

Donald Trampning ta’kidlashicha, yig‘im joriy etish o‘rniga Fors ko‘rfazi davlatlari AQSh bilan yirik savdo va investitsiya loyihalarini amalga oshiradi. Prezident bu kelishuvlar har ikki tomon uchun uzoq muddatli iqtisodiy manfaat keltirishini qayd etdi.

Eronga oid cheklovlar saqlanib qoldi

Shu bilan birga, Eron portlariga yo‘l olayotgan, u yerdan qaytayotgan yoki Eron yuklarini tashiyotgan kemalarga nisbatan Hormuz bo‘g‘ozidagi amaldagi cheklovlar o‘z kuchida qoladi.

Avvalgi qaror tanqidlarga uchragan edi

AQSh Hormuz bo‘g‘ozi orqali o‘tadigan kemalardan tashilayotgan yuk qiymatining 20 foizi miqdorida yig‘im undirish rejasini e’lon qilgandi. Biroq bu tashabbus xalqaro dengiz tashuvchilari, jumladan, Germaniyaning yirik konteyner tashuvchi Hapag-Lloyd kompaniyasi tomonidan keskin tanqid qilinib, amaliy jihatdan noto‘g‘ri qaror sifatida baholangan edi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan AQSh va Eron yana zarba almashgani haqida yozgandi.