
O‘zbekiston va AQSh vakillari qonuniy mehnat migratsiyasini rivojlantirish masalalarini muhokama qildi. Uchrashuvda mehnat migrantlarini tayyorlash, hujjatlarni rasmiylashtirish hamda nomzodlarning viza tarixini oldindan tahlil qilish bo‘yicha tavsiyalar ilgari surildi.
Mehnat migratsiyasi bo‘yicha hamkorlik kengaymoqda
Migratsiya agentligi direktori Behzod Musayev AQShning O‘zbekistondagi elchisi Jonatan Xenik bilan uchrashib, mamlakatda xalqaro standartlar asosida shakllantirilayotgan mehnat migratsiyasi tizimi, yangi xorijiy mehnat bozorlari va fuqarolarni ishga tayyorlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni taqdim etdi.
Qishloq xo‘jaligi bo‘yicha pilot loyiha muhokama qilindi
Tomonlar AQShda qishloq xo‘jaligi sohasida o‘zbekistonliklarni qonuniy ish bilan ta’minlashga qaratilgan pilot loyihaning amalga oshirilishi, shuningdek, zarur hujjatlarni rasmiylashtirish jarayonlarini ko‘rib chiqdi.
Nomzodlar oldindan to‘liq xabardor qilinishi kerak
AQSh elchisi qonuniy mehnat migratsiyasida ishtirok etayotgan fuqarolar ish joyi, mehnat va yashash sharoitlari, xarajatlar, ko‘rsatiladigan yordam hamda O‘zbekistonga qaytish shartlari haqida safarga chiqishdan oldin to‘liq ma’lumot olishi muhimligini ta’kidladi.
Bundan tashqari, hujjatlarni belgilangan tartibda rasmiylashtirish va nomzodlarning avvalgi viza hamda migratsiya tarixini oldindan tekshirish kelgusidagi jarayonlarni yengillashtirishga xizmat qilishi qayd etildi.
Hamkorlikni kuchaytirish bo‘yicha kelishuvga erishildi
Uchrashuv yakunida Migratsiya agentligi va AQSh elchixonasining konsullik xizmati o‘rtasida axborot almashish, ish beruvchilar bilan suhbatlarni hamda hujjat topshirish jarayonlarini oldindan muvofiqlashtirish bo‘yicha hamkorlikni kengaytirishga kelishib olindi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Rossiyada mehnat migrantlarining oilalariga yangi talablar joriy etilgani haqida yozgandi.