
Qashqadaryo viloyatida omonat va kredit mablag‘larini o‘zlashtirish bilan bog‘liq bir nechta holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi. Bu haqda Bosh prokuratura departamenti ma’lum qildi.
O‘zlashtirilgan omonat pullari
Departamentning Kitob tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda tijorat banklaridan birining hududiy boshqarmasi yetakchi mutaxassisi bankda yuqori foizli omonat turi mavjudligini aytib, ikki nafar fuqaroni aldagani aniqlangan. U fuqarolardan jami $19 ming va 300 mln so‘mni olib, mablag‘larni bankka omonat sifatida joylashtirmasdan o‘zlashtirgan.
Talon-toroj qilingan kredit mablag‘lari
Departamentning Ko‘kdala tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvda tijorat banklaridan birining Ko‘kdala bank xizmatlari markazi sobiq mahalla agenti fuqaro nomiga 60 mln so‘m kredit ajratib berishni va’da qilib, buning evaziga undan $300 va 1 mln so‘m olgani aniqlangan. Shuningdek, u ajratilgan 60 mln so‘mlik kredit mablag‘larini ham o‘zlashtirgani ma’lum bo‘lgan. Tekshiruv davomida ushbu mablag‘ hisobidan 2 mln so‘m qaytarilishi protsessual tartibda rasmiylashtirilgan.
Qalbaki hujjatlar orqali kredit rasmiylashtiruvi
Departamentning Muborak tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda tijorat banklaridan birining Muborak filiali sobiq mahalla agenti fuqaroning ishonchiga kirib, qalbaki hujjatlardan foydalangan holda uning nomiga 47 mln so‘m kredit rasmiylashtirgani va ushbu mablag‘ni o‘zlashtirgani aniqlangan. Tekshiruv davomida kredit mablag‘lari bankka to‘liq qaytarilgani qayd etildi.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 15 ming dollarlik ijara va 17 mln so‘mlik «yordam» fosh bo‘lgani haqida yozgan edik.