
Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko Vitebsk viloyatiga Andijondan yana 5 ming nafar ishchi jalb etilishi rejalashtirilganini ma’lum qildi. Ular 2026-yil sentabrdan boshlab bosqichma-bosqich Belarusga boradi.
Kelishuvga ko‘ra, o‘zbekistonlik ishchilar Vitebsk viloyatiga har safar 500 nafardan yetib boradi. Belarus tomoni ularni qabul qilish uchun zarur sharoitlarni tayyorlashi bildirilgan.
Qaysi sohalarda ishlashadi
O‘zbekiston fuqarolarini faqat qishloq xo‘jaligiga emas, balki qurilish, sanoat, xizmat ko‘rsatish va tibbiyot sohalariga ham jalb qilish rejalashtirilgan.
Jumladan, ayrim fuqarolar kichik tibbiyot xodimi sifatida ishlashi mumkin.
Uy-joy va ta’lim sharoiti yaratiladi
Lukashenko o‘zbekistonlik ishchilar uchun mavjud uy-joylarni ta’mirlash va yangi turarjoylar qurish kerakligini aytdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, migrantlarning farzandlari bog‘cha va maktablarga belaruslik bolalar bilan teng sharoitda qatnashi mumkin bo‘ladi.
Hamkorlik doirasida yangi loyihalar rejalashtirilgan
Andijon viloyati va Vitebsk viloyati qishloq xo‘jaligi, chorvachilik, kartoshka yetishtirish, qurilish va yog‘ochni qayta ishlash yo‘nalishlarida hamkorlikni kengaytiradi.
O‘zbekiston tomoniga yettita tumanda qoramol boqish uchun binolar hamda qishloq xo‘jaligi yerlari ajratilishi ko‘zda tutilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Belarusga ishlash uchun yuborilgan andijonlik fuqarolar va’da qilingan sharoitlar kutilganidek emasligini aytib, Shuhrat Abdurahmonovga murojaat qilgandi. Ularning so‘zlariga ko‘ra, oyiga $500 maosh taklif qilingan, biroq oziq-ovqat va turarjoy xarajatlari ishchilarning o‘z hisobidan qoplanishi kerak.