Yangiliklar

Endi ayrim xizmatlarda ID-kartaning asl nusxasi talab etilmaydi

Fuqarolar shaxsini tasdiqlovchi hujjatning elektron nusxasini my.gov.uz hamda «Ijtimoiy karta» mobil ilovasi orqali taqdim etishi mumkin
Foto: Getty Images

Endilikda ayrim davlat xizmatlaridan foydalanishda shaxsni tasdiqlovchi hujjatni qog‘oz ko‘rinishida emas, balki uning elektron shaklida ham taqdim etish mumkin bo‘ladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Qaysi ilovalar orqali foydalanish mumkin

Yangi tartibga ko‘ra, fuqarolar shaxsini tasdiqlovchi hujjatning elektron nusxasini my.gov.uz hamda «Ijtimoiy karta» mobil ilovasi orqali taqdim etishi mumkin. Mazkur o‘zgarishlar Adliya vazirligi tomonidan huquqiy ekspertiza jarayonida ishlab chiqilgan takliflar asosida joriy qilindi.

Qaysi xizmatlarda amal qiladi

Raqamli hujjatlardan quyidagi holatlarda foydalanishga ruxsat berildi:

  • ovchilik guvohnomasini olish uchun o‘quv kurslariga hujjat topshirishda;
  • xizmat quroli bilan ishlash huquqiga ega xodimlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish kurslarida;
  • «Rektorlar maktabi» dasturi bo‘yicha test sinovlarida ishtirok etishda;
  • sug‘urta xizmatlaridan foydalanishda.

Yangi tartib fuqarolarga zarur xizmatlardan foydalanishda shaxsni tasdiqlovchi hujjatning asl nusxasi bilan bir qatorda uning elektron ko‘rinishidan ham foydalanish imkonini beradi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Rektorlar maktabi» uchun qabul tartibi tasdiqlangani haqida yozgandi.