
Florida yo‘l politsiyasining qora va och jigarrang rangdagi Ford Mustang avtomobili AQShdagi eng chiroyli patrul mashinasi deb topildi. Speedme nashri yozishicha, ommaviy ovoz berishda u 52,2 mingta ovoz to‘pladi.
Tanlovda jami 360,4 mingta ovoz berildi. Florida politsiyasining Ford Mustang avtomobili barcha ovozlarning qariyb 14,5 foizini oldi.
U eng yaqin raqibidan 14,6 mingta ovozga o‘zib ketdi. Michigan politsiyasi 37,6 mingta, Jorjiya esa 34,9 mingta ovoz bilan keyingi o‘rinlarni egalladi.
Yetakchilik o‘zgardi
Ovoz berish yakunlanishiga qadar Michigan politsiyasi yetakchilik qilgan. Biroq so‘nggi dam olish kunlarida Florida oldinga chiqib, g‘alabani qo‘lga kiritdi.
Ogayo 17,2 mingta, Kentukki 16,5 mingta ovoz oldi. 48 ishtirokchi orasida Oregon so‘nggi o‘rinni egallab, uning avtomobiliga 185 kishi ovoz berdi.
Tanlovda avtomobilning tezligi, himoyasi, jihozlanishi yoki xizmat samaradorligi emas, balki tashqi ko‘rinishi va suratining jozibadorligi baholangan.
G‘olib avtomobil taqvim muqovasiga chiqadi
Tanlovning eng yaxshi 13 ta avtomobili 2027-yil uchun devor taqvimiga kiritiladi.
Florida politsiyasining g‘olib Ford Mustang avtomobili esa taqvim muqovasida aks etadi. Taqvim savdosidan tushgan mablag‘ politsiya xodimlari oilalari uchun ta’lim stipendiyalariga yo‘naltiriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq jaziramada haydovchilar uchun muhim tavsiyalar berilgandi. Quyosh ostida uzoq vaqt turgan avtomobilga o‘tiriboq konditsionerni eng yuqori quvvatda yoqish tavsiya etilmaydi.