Sport

Jahongir O‘rozov uchun talabgorlar ko‘paydi

Jahongir O‘rozov uchun talabgorlar ko‘paydi
Foto: FCDinamo

O‘zbekiston milliy terma jamoasi va Samarqandning «Dinamo» klubi himoyachisi Jahongir O‘rozov faoliyatini yana Yevropada davom ettirishi mumkin. Futbolchiga Germaniya va Italiya jamoalari qiziqish bildirayotgani aytilmoqda.

Germaniyaning Kicker nashri O‘rozov Bundesliganing «Borussiya Myonxengladbax» klubi kuzatuvidagi himoyachilar qatoridan joy olganini yozdi. Nemis jamoasi yangi mavsum oldidan markaziy mudofaani kuchaytirish variantlarini o‘rganmoqda. O‘rozov hozircha ushbu pozitsiya uchun ko‘rib chiqilayotgan bir nechta nomzoddan biri hisoblanadi.

Foto: FCDinamo

Futbolchining agenti Shahriyor Eshboyevning ma’lum qilishicha, O‘rozovga Italiya, Germaniya, Turkiya va Niderlandiya klublaridan variantlar mavjud. Angliya, Germaniya va Italiya jamoalarining skautlari himoyachining 2026-yilgi jahon chempionatidagi o‘yinlarini ham kuzatgan.

Hozircha aniq nomi oshkor qilingan yagona klub «Borussiya Myonxengladbax» bo‘lib, rasmiy taklif yoki muzokaralar boshlanganiga doir tasdiqlangan ma’lumot yo‘q.

Futbolchi statistikasi

Foto: FCDinamo

O‘rozov JCh – 2026 da O‘zbekiston terma jamoasi safida ikki uchrashuvda maydonga tushdi. U Kolumbiyaga qarshi bahsda zaxiradan o‘yinga qo‘shildi, Kongo Demokratik Respublikasiga qarshi hal qiluvchi uchrashuvni esa asosiy tarkibda boshladi. Himoyachi 82-daqiqada almashtirildi.

Samarqand klubi rahbariyati futbolchining transferi bo‘yicha takliflarni ko‘rib chiqishga tayyorligini bildirgan. «Dinamo» O‘rozov uchun $1 mln so‘ramoqda. Klub vakillarining ta’kidlashicha, futbolchining amaldagi shartnomasi bor va uning kelajagi haqidagi xabarlarning aksariyati hozircha mish-mish darajasida qolmoqda.

Foto: FCDinamo

Futbolchi haqida

Jahongir O‘rozov 2004-yil 18-yanvarda Jizzax viloyatida tug‘ilgan. Bo‘yi 190 santimetr bo‘lgan chap oyoq futbolchining asosiy pozitsiyasi markaziy himoyachi hisoblanadi. U Toshkentning «Bunyodkor» akademiyasi tarbiyalanuvchisi bo‘lib, professional faoliyatini ham shu klub safida boshlagan.

2023-yil avgustida O‘rozov Arda Turan boshqargan Turkiyaning «Eyupspor» klubi bilan besh yillik shartnoma imzoladi. Biroq u Turkiya chempionatida asosiy tarkibdan joy ololmadi va klub safida faqat Turkiya kubogining bitta uchrashuvida qatnashdi.

Keyinchalik O‘zbekistonga qaytgan himoyachi «Dinamo» safida muntazam o‘yin amaliyotiga ega bo‘ldi va jamoaning yetakchi futbolchilaridan biriga aylandi. U Samarqand klubi bilan 2027-yil 31-dekabrgacha shartnoma imzolagan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Jahongir O‘rozov tez orada Myunxengladbaxning «Borussiya» klubiga o‘tishi bilan bog‘liq ma’lumotlar tarqalgani haqida yozgan edi.