Yangiliklar

Jazirama ortidan Jizzaxdagi 103 ta davlat bog‘chalari ham yopildi

Bog‘chalar 2026-yil 20-iyuldan odatiy tartibda davom ettiriladi
Jazirama ortidan Jizzaxdagi 103 ta davlat bog‘chalari ham yopildi / Foto: Hafiza Muxtorova

Jizzax viloyatida kutilayotgan anomal issiq tufayli ayrim davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyati vaqtincha to‘xtatiladi. Bu haqda viloyat MTTB ma’lum qildi.

«O‘zgidromet» agentligiga ko‘ra, 2026-yil 15 – 17-iyul kunlari Jizzax viloyatida havo harorati 44–45°C gacha ko‘tarilishi prognoz qilinmoqda.

Bolalarning hayoti va salomatligini muhofaza qilish maqsadida Jizzax viloyati Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi tavsiyasiga asosan Arnasoy, Mirzacho‘l, Zafarobod, Zarbdor, Paxtakor tumanlari hamda Jizzax shahridagi jami 103 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyati 2026-yil 15 – 17-iyul kunlari vaqtincha to‘xtatiladi.

Jizzax viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi ma’lum qilishicha, tasarrufidagi barcha davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyati 2026-yil 20-iyuldan odatiy tartibda davom ettiriladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Navoiy viloyatidagi ayrim davlat bog‘chalari vaqtincha yopilgan edi.