Yangiliklar

Prezident Belarusda ishlash va biznes yuritish bo‘yicha yangi tartibni belgiladi

Fuqarolarni tashkiliy asosda yuborish bo‘yicha yangi vazifalar belgilandi
Prezident Belarusda ishlash va biznes yuritish bo‘yicha yangi tartibni belgiladi / Foto: President.uz

Shavkat Mirziyoyev Belarusga ishlash yoki biznes yuritish uchun boradigan fuqarolar va tadbirkorlarni oldindan tayyorlash hamda zarur sharoitlarni yaratish bo‘yicha topshiriqlar berdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, 8 – 9-iyul kunlari Belarusga amalga oshirilgan rasmiy tashrif davomida o‘zaro savdo hajmini 2 mlrdga yetkazish hamda mashinasozlik, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, to‘qimachilik, yog‘ochni qayta ishlash va tibbiyot sohalarida umumiy qiymati 2 mlrdlik 310 ta loyiha va chora-tadbirni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishilgan.

Davlat rahbari ushbu kelishuvlarni qisqa muddatda amaliy natijaga aylantirish, yangi korxonalar va ish o‘rinlarini yaratish hamda tadbirkorlar uchun zarur sharoitlarni ta’minlash muhimligini ta’kidladi.

Shu maqsadda Belarusda ishlash yoki biznes yuritish istagidagi fuqarolar va tadbirkorlar ro‘yxatini shakllantirish, ish joyi, yashash sharoiti hamda loyiha uchun zarur bino va yer masalalarini Belarus tomoni bilan oldindan kelishgan holda hal etish vazifasi belgilandi.

Foto: President.uz

Andijon va Vitebsk tajribasi kengaytiriladi

Taqdimotda Andijon va Vitebsk viloyatlari o‘rtasidagi hamkorlik natijalari ham ko‘rib chiqildi. Ikki hudud o‘rtasida tasdiqlangan «yo‘l xaritasi» asosida 255 nafar Andijon viloyati fuqarosining Vitebskda tashkiliy asosda ish bilan ta’minlangani ma’lum qilindi.

Shuningdek, 11 ta chorvachilik majmuasi negizida yangi loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishilgan. «Andijon invest» kompaniyasi ishtirokida yirik chorvachilik kompleksi va sanatoriy majmuasi negizida investitsiya hamda ijtimoiy tashabbuslar boshlangan. Umuman, Vitebsk va Belarusning boshqa viloyatlarida chorvachilik, yog‘ochni qayta ishlash, logistika, savdo va xizmat ko‘rsatish yo‘nalishlarida qiymati $100 mlndan ortiq bo‘lgan 30 ta loyiha shakllantirilgan.

Foto: President.uz

Hamkorlik boshqa hududlarga ham tatbiq etiladi

Prezident Andijon – Vitebsk hamkorligi modelini boshqa hududlarda ham joriy etish bo‘yicha topshiriq berdi. Unga ko‘ra, Buxoro, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan, Toshkent, Farg‘ona va Samarqand viloyatlari Belarusning Vitebsk, Mogilyov, Grodno, Gomel va Brest viloyatlari bilan biriktiriladi. Har bir hudud bo‘yicha yangi ishlab chiqarishlarni tashkil etish, tadbirkorlik loyihalarini joylashtirish va aholi bandligini ta’minlashga qaratilgan alohida «yo‘l xaritalari» tasdiqlanadi.

Bundan tashqari, har bir hududdan 30 nafardan yetakchi tadbirkorni Belarusga olib borib, mahalliy hamkorlar bilan qo‘shma loyihalarni boshlash vazifasi qo‘yildi.

Foto: President.uz

Logistika va bandlik bo‘yicha yangi rejalar

O‘zaro savdoni rivojlantirish maqsadida zamonaviy logistika infratuzilmasini yaratish masalalari ham muhokama qilindi. Yil yakuniga qadar «Belarus temir yo‘llari» bilan hamkorlikda Vitebsk viloyatidagi Orsha stansiyasida eksport-import yuklariga xizmat ko‘rsatadigan intermodal logistika markazini ishga tushirish rejalashtirilgan. Shuningdek, ikki mamlakat o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri blok-poyezdlar qatnovini yo‘lga qo‘yish vazifasi belgilandi.

Fuqarolarni ish bilan ta’minlash masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Dastlabki bosqichda Vitebsk va boshqa hududlardagi 13 ta korxonaga tanlov asosida 1,1 ming nafar O‘zbekiston fuqarosini ishga joylashtirish rejalashtirilgan. Sentabr oyidan boshlab esa har oy 500 nafardan, jami 5 ming nafar andijonlikni Vitebsk viloyatida doimiy ish bilan ta’minlash ko‘zda tutilgan. Shu maqsadda Vitebsk shahrida Migratsiya agentligi vakolatxonasi ochiladi.

Shuningdek, tadbirkorlarga Belarusda hisobvaraq ochish, ustav fondiga mablag‘ o‘tkazish va loyihalarni moliyalashtirishda ko‘maklashish, Vitebskda zamonaviy sutchilik majmuasi, yog‘ochni qayta ishlash zavodi hamda logistika kompaniyasini tashkil etish uchun zarur mablag‘larni qulay shartlarda ajratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Aleksandr Lukashenko tashrifi yakunida Mirziyoyevni aeroportda shaxsan o‘zi kuzatib qo‘ygani haqida yozgan edik.