Yangiliklar

«Qo‘qon patiri» geografik ko‘rsatkich sifatida qayd etildi

Endi mahsulot davlat himoyasida
«Qo‘qon patiri» geografik ko‘rsatkich sifatida qayd etildi / Foto: YouTube

Farg‘ona viloyatining mashhur milliy non mahsulotlaridan biri bo‘lgan «Qo‘qon patiri» geografik ko‘rsatkich sifatida huquqiy himoyaga ega bo‘ldi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, mazkur ro‘yxatdan o‘tkazish mahsulotning hududiy kelib chiqishi, o‘ziga xos xususiyatlari va an’anaviy tayyorlash usulini tasdiqlaydi.

Qo‘qon qadimdan hunarmandchilik, savdo-sotiq va milliy pazandachilik rivojlangan madaniy markazlardan biri sifatida tanilgan. «Qo‘qon patiri» ham ushbu hududning gastronomik merosi namunalaridan biri bo‘lib, o‘ziga xos ta’mi, an’anaviy retsepti va tayyorlash texnologiyasi bilan ajralib turadi.

Ushbu non turi maxsus tayyorlash usuli sababli bir necha hafta davomida sifatini va ta’mini saqlab qolishi bilan mashhur. Geografik ko‘rsatkich sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi esa mahsulot nomi hamda uni tayyorlashning an’anaviy texnologiyasini huquqiy himoya qilish, sifat talablarini mustahkamlash va Farg‘ona viloyatining gastronomik brendini keng targ‘ib qilishga xizmat qiladi.

Ma’lumot uchun, geografik ko‘rsatkich – mahsulotning muayyan hududga mansubligini, uning sifati, shuhrati va o‘ziga xos jihatlari aynan shu hududning tabiiy-iqlimiy hamda ijtimoiy-madaniy omillari bilan bog‘liqligini tasdiqlovchi intellektual mulk obyektidir.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq «Qo‘qon holvasi» davlat himoyasiga olingan edi.