
Telegram messenjerining navbatdagi yangilanishida foydalanuvchilar uchun qator yangi imkoniyatlar taqdim etildi. Ular orasida boy matn muharriri, hamjamiyatlar (Communities), guruhlarda vaqtinchalik bot xabarlari va takomillashtirilgan GIF qidiruvi mavjud.
Boy matn muharriri ishga tushdi
Telegram endi matnlarni yanada qulay va professional ko‘rinishda tayyorlash imkonini beruvchi boy matn muharririni taqdim etdi. U GIF, sarlavha, jadval, ro‘yxat, iqtibos va kod bloklarini qo‘llab-quvvatlaydi, shuningdek, matnning istalgan qismiga rasm va videolarni joylashtirish imkonini beradi.
Yangi muharrir 32 768 tagacha belgidan iborat xabar yozishni qo‘llab-quvvatlaydi. Bundan tashqari, Cocoon texnologiyasi asosidagi sun’iy intellekt yordamida matnlarni maxfiy tarzda yaratish imkoniyati ham qo‘shilgan. Hozircha ushbu funksiya faqat Telegram Premium foydalanuvchilari uchun ochilgan.
Hamjamiyatlar bir nechta chatlarni birlashtiradi
Yangilanish bilan Hamjamiyatlar (Communities) funksiyasi ham taqdim etildi. U orqali bir nechta guruh, kanal va botlarni bitta umumiy hamjamiyat ostida jamlash mumkin.
Hamjamiyat a’zolari boshqa chatlarni tezda topib ulanishi, administratorlar esa ayrim chatlarni faqat ma’lum ishtirokchilar uchun yashirin holatda saqlashi mumkin. Shuningdek, chatlar bitta hamjamiyat sifatida yoki alohida ko‘rinishda aks ettirilishini tanlash imkoniyati mavjud.
Botlarning vaqtinchalik xabarlari
Telegram endi botlarga guruhlarda faqat ularni chaqirgan foydalanuvchi ko‘ra oladigan vaqtinchalik xabarlarni yuborish imkonini berdi. Bu guruhlarda ortiqcha bot xabarlari to‘planishining oldini oladi.
Mazkur funksiya salomlashuv xabarlari, AI javoblari, tasdiqlash bildirishnomalari va interaktiv menyularni faqat kerakli foydalanuvchiga ko‘rsatishga xizmat qiladi.
GIF qidiruvi sezilarli kengaydi
Telegram GIF qidiruv tizimini ham yangiladi. Endilikda foydalanuvchilar 36 tilda 350 milliondan ortiq GIF orasidan keraklisini topishlari mumkin.
Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, qidiruv ochiq manbali sun’iy intellekt modellari yordamida indekslanadi. Shu bilan birga, qidiruv jarayonida uchinchi tomon xizmatlaridan foydalanilmaydi, bu esa foydalanuvchilarning maxfiyligini saqlashga yordam beradi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Telegram messenjerida global uzilish yuz bergani haqida yozgandi.