
Jinoyatchilikni oldini olish maqsadida «qizil» va «sariq» toifadagi mahallalar profilaktika inspektorlari uchun maxsus o‘quv tizimi joriy etiladi. Bu haqda prezident raisligidagi videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.
Jinoyatchilik kamaygan mahallalar soni qancha
So‘nggi uch yil davomida kriminogen vaziyati og‘ir bo‘lgan 1162 ta mahallaning 571 tasida joriy yilda birorta ham jinoyat sodir etilmagani qayd etildi.
Bunga mahallalarda videokameralar o‘rnatilishi, xavfsiz ko‘cha va yo‘laklar tashkil etilishi, aholi muammolarining ilmiy asosda o‘rganib hal qilinishi hamda oilalarga psixologik yordam ko‘rsatilishi sabab bo‘lgani ta’kidlandi.
Mahallalar uchun yangi metodika ishlab chiqiladi
Jinoyatchilikni jilovlashga mas’ul ilmiy tashkilotlar bilan hamkorlikda namunali mahallalar tajribasi asosida maxsus metodika ishlab chiqiladi.
Yil davomida «qizil» va «sariq» toifadagi mahallalardagi profilaktika inspektorlari ushbu metodika asosida joylarga borib o‘qitiladi.
Raqamli tizimlar profilaktika ishlarini yengillashtiradi
Namangan viloyatida profilaktika inspektorlariga yonkameralar berilib, ular planshetlarga integratsiya qilingan tajriba ijobiy natija bergani qayd etildi.
Mazkur tizim orqali fuqarolar shaxsini aniqlash, ma’muriy bayonnomalarni to‘ldirish va sudga materiallarni yuborish jarayonlari avtomatlashtirilgan. Natijada profilaktika inspektorlarining ish yuklamasi kamaygan.
Ayrim mahallalarda jinoyatlar soni 10 tadan 5 tagacha qisqargan. Ushbu tajribani yil yakunigacha Namangan viloyatida to‘liq, boshqa hududlarda esa kriminogen vaziyati og‘ir bo‘lgan 448 ta mahallada joriy qilish vazifasi belgilandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq zo‘ravonlikka uchragan bolalar uchun Qo‘llab-quvvatlash markazlari tashkil etilishi haqida yozgan edik.