Sport

Abbosbek Fayzullayev to‘ydan keyin nimalar bilan band

Abbosbek Fayzullayev to‘ydan keyin nimalar bilan band
Foto: Instagram/ Fayzullayev

O‘zbekiston terma jamoasi va Turkiyaning «Istanbul Bashakshehir» klubi futbolchisi Abbosbek Fayzullayev to‘y marosimidan keyin mashg‘ulotlarga qaytdi. Futbolchi Instagram sahifasida maydondagi tayyorgarlik jarayonidan olingan suratlarni e’lon qildi.

Suratlarda Fayzullayev futbol to‘pi bilan individual mashqlar bajarayotgani, maxsus konuslar va mashg‘ulot ustunlari yordamida tezlik, to‘p nazorati hamda harakatlarni muvofiqlashtirish ustida ishlayotgani ko‘rish mumkin. Futbolchi oq rangli sport kiyimida mashg‘ulot olib borgan. E’lon qilingan kadrlardan uning qisqa tanaffusdan so‘ng jismoniy holatini tiklash va yangi futbol mavsumiga tayyorlanishga kirishgani anglashiladi.

Shuningdek, u Argentina va Angliya bahsini ko‘rayotgani tasvirlangan rasmni ham ulashgan.

Foto: Instagram/ Fayzullayev

Fayzullayev yaqinda oila qurgan edi. Uning to‘y marosimida raqsga tushgani aks etgan video ham ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib, muxlislar tomonidan iliq kutib olindi. Foydalanuvchilar futbolchiga oilaviy baxt tilab, uning samimiy kayfiyati va raqsini yuqori baholadi.

Shaxsiy hayotidagi muhim voqeadan so‘ng Fayzullayev yana professional faoliyatiga e’tibor qaratmoqda. U hujumkor yarim himoyachi va qanot futbolchisi sifatida O‘zbekiston terma jamoasining yetakchi o‘yinchilaridan biri hisoblanadi. Futbolchi texnikasi, tezkor qaror qabul qilishi va hujumlarni tashkil etish qobiliyati bilan ajralib turadi.

Foto: Instagram/ Fayzullayev

Futbolchi haqida

Fayzullayev 2003-yil 3-oktabrda Sirdaryo viloyatida tug‘ilgan. Bo‘yi 167 santimetr bo‘lgan o‘ng oyoqli futbolchi hujumkor yarim himoyachi hamda qanot hujumchisi pozitsiyalarida harakat qiladi. U tezkorligi, qisqa masofadagi driblingi, maydonni ko‘ra bilishi va hujumchilar uchun vaziyat yaratish qobiliyati bilan ajralib turadi. Fayzullayev professional faoliyatini Toshkentning «Paxtakor» klubida boshlagan.

Uning faoliyatidagi dastlabki katta muvaffaqiyat 2023-yilda O‘zbekistonda o‘tkazilgan U20 Osiyo kubogiga to‘g‘ri keldi. Fayzullayev turnir davomida O‘zbekiston yoshlar terma jamoasining yetakchilaridan biri bo‘ldi va jamoaning tarixda ilk bor ushbu musobaqada chempionlikni qo‘lga kiritishiga katta hissa qo‘shdi. Finalda aynan uning harakatidan so‘ng penalti belgilangan va O‘zbekiston Iroqni 1:0 hisobida mag‘lub etgan.

Foto: Instagram/ Fayzullayev

Musobaqa yakunida u turnirning eng yaxshi futbolchisi deb topildi.

2023-yil avgustida Fayzullayev Moskvaning «SSKA» klubiga o‘tdi. Rossiya jamoasi safida u barcha musobaqalarda 72 ta uchrashuv o‘tkazib, sakkizta gol urdi va 22 ta golli uzatmani amalga oshirdi.

2025-yil yozida yarim himoyachi Turkiyaning «Istanbul Bashakshehir» klubiga ko‘chib o‘tdi. Uning turk jamoasi bilan shartnomasi 2030-yil yozigacha amal qiladi. Transfermarkt 2026-yil 21-may holatiga ko‘ra, futbolchining bozor qiymatini 7 mln yevro deb baholagan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Abbosbek Fayzullayev to‘yda qaylig‘ini qanday o‘pgani haqida yozgan edi.