Yangiliklar

Agroportaldan foydalanish tartibi tasdiqlandi: endi xizmatlar yagona platformada

Hukumat qarori bilan
Agroportaldan foydalanish tartibi tasdiqlandi: endi xizmatlar yagona platformada / Foto: LinkedIn

Qishloq xo‘jaligi sohasidagi elektron xizmatlardan foydalanish yanada qulaylashadi. Agroportal faoliyati va undan foydalanishning yagona tartibi tasdiqlandi.

Agroportal faoliyati tartibga solindi

Hukumat qarori bilan Qishloq xo‘jaligi vazirligining «Raqamli qishloq xo‘jaligi» yagona integratsion platformasidan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Mazkur nizom qishloq xo‘jaligi subyektlariga agrosanoat yo‘nalishidagi elektron xizmatlarni «yagona nuqta» tamoyili asosida ko‘rsatishga mo‘ljallangan «Raqamli qishloq xo‘jaligi» yagona integratsion platformasi — Agroportaldan foydalanish tartibini belgilaydi.

Operatorning asosiy vazifalari

Nizomga ko‘ra, Agroportal operatori platformaga texnik xizmat ko‘rsatadi, uning samarali va uzluksiz ishlashini ta’minlaydi. Shuningdek, idoraviy axborot tizimlari hamda ma’lumotlar bazalari o‘rtasida elektron ma’lumot almashinuvini tashkil etadi va portalni muntazam takomillashtirib boradi.

Qanday foydalaniladi

Foydalanuvchilar Agroportal xizmatlaridan foydalanish uchun agro.gov.uz manziliga Yagona identifikatsiya tizimi (OneID) orqali kiradi. Arizalarni qabul qilish, ko‘rib chiqish va ularga javob yuborish Agroportal yoki elektron xizmatlar ko‘rsatishga mas’ul davlat organlari hamda xususiy sektor axborot tizimlari orqali amalga oshirilishi mumkin.

Natija QR-kodli xabarnoma orqali yuboriladi

Elektron xizmat ko‘rsatish yakuni bo‘yicha QR-kod qo‘yilgan xabarnoma Agroportal orqali foydalanuvchining shaxsiy kabinetiga yuboriladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq my.gov.uz orqali telefon raqami va bank kartalarini boshqarish mumkinligi haqida yozgan edik.