Yangiliklar

Apple SI chip ishlab chiqaruvchilarini nega sotib olmoqchi

Kompaniya Broadcom bilan chip yetkazib berish bo‘yicha kelishuv doirasida $30 mlrd dan ortiq mablag‘ sarflashni rejalashtirayotgan edi
Apple SI chip ishlab chiqaruvchilarini nega sotib olmoqchi
Foto: Getty Images

Apple SI tizimlari uchun server protsessorlarini mustaqil ishlab chiqish maqsadida AI chiplar yaratadigan kompaniyalarni sotib olish imkoniyatlarini o‘rganmoqda. Bu haqda vaziyatdan xabardor manbalarga tayanib The Information nashri xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, iPhone ishlab chiqaruvchisi bir qator chip startaplari bilan bog‘lanib, ularning biznesni sotishga tayyor yoki tayyor emasligini aniqlashga uringan. Apple ehtimoliy bitimlarni banklar bilan ham muhokama qilgan. Kompaniyaning bu sohaga qiziqishi o‘zining sun’iy intellekt serverlarida kuzatilgan unumdorlik muammolari fonida kuchaygani aytilmoqda.

Hozirda Apple’ning sun’iy intellekt infratuzilmasida kompaniya ichida ishlab chiqilgan M2 Ultra chiplariga asoslangan serverlardan foydalaniladi. Biroq The Information ma’lumotiga ko‘ra, mavjud uskunalarning quvvati ayrim yirik AI modellarini samarali ishlatish uchun yetarli bo‘lmagan.

Apple ilgari Baltra ichki nomi bilan tanilgan maxsus server AI chipini 2026-yilda ishlab chiqarishni boshlashni rejalashtirgan. Biroq loyiha keyinga qoldirilgan. Kechikish sabablari ochiqlanmagan.

Nashrning yozishicha, Apple yangilangan Siri yordamchisi doirasida Google’ning Gemini modellarini o‘z serverlarida ishga tushirishga ham uringan. Mac uchun mo‘ljallangan chiplar model yuklamasini to‘liq bajara olmagach, yangilangan yordamchining ayrim qismlarini Google bulut infratuzilmasidagi Nvidia chiplarida ishlatishga to‘g‘ri kelgan.

Rejalar qanaqa

Foto: Getty Images

Kompaniya yaqinda Broadcom bilan chip yetkazib berish bo‘yicha ko‘p yillik kelishuv doirasida $30 mlrd dan ortiq mablag‘ sarflashni rejalashtirayotganini ma’lum qilgan edi. Bu kelishuv Apple’ning sun’iy intellekt infratuzilmasini kengaytirishga qaratilgan umumiy strategiyasining bir qismi bo‘lishi mumkin.

Apple tarixan yirik kompaniyalarni sotib olishdan tiyilib kelgan. Uning so‘nggi bitimi ovoz bilan bog‘liq sun’iy intellekt texnologiyalarini ishlab chiqadigan Isroilning Q.ai startapini xarid qilish bo‘lgan. 28-mart holatiga ko‘ra, kompaniya tasarrufida $45,57 mlrd naqd pul va unga tenglashtirilgan aktivlar mavjud edi.

Apple aprel oxiridagi moliyaviy hisobotidan so‘ng o‘z moliya siyosatini o‘zgartirganini bildirgan. MarketWatch buni texnologiya giganti sun’iy intellekt sohasida yirik xaridga tayyorlanayotgan bo‘lishi mumkinligiga ishora sifatida baholagan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Apple kutilmaganda iPhone 17 ishlab chiqarish hajmini qisqartirgani haqida yozgan edi.