
O‘zbekistonlik futbolchilar Abduqodir Husanov va Behruz Karimov Toshkentdagi Fransiya elchixonasida o‘tkazilgan tadbirda ishtirok etdi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan suratlarda futbolchilar bilan birga ularning agenti Gayrat Hasbulin ham ko‘rinish bergan.
Tadbir Fransiyaning milliy bayrami munosabati bilan tashkil etilgan. Fransiya elchixonasining rasmiy sahifasida 14-iyul bayramiga bag‘ishlangan tadbirdan lavhalar e’lon qilingan.

Behruz Karimovning ushbu uchrashuvda qatnashishi uning Fransiyaning «Lans» klubiga ehtimoliy transferi haqidagi xabarlarni kuchaytirdi. Fransiyadagi ayrim futbol nashrlari va «Lans» muxlislariga tegishli sahifalarda klub 18 yoshli o‘zbekistonlik o‘ng qanot himoyachisini kuzatayotgani haqida ma’lumotlar tarqalgan. Biroq hozircha «Lans», Karimovning amaldagi klubi yoki futbolchining vakillari transfer bo‘yicha rasmiy bayonot bermagan.

The Guardian Karimovni O‘zbekiston terma jamoasining kuzatishga arziydigan yosh futbolchisi sifatida ta’riflagan. U 2007-yilda Namangan viloyatida tug‘ilgan, futbol bilan olti yoshidan shug‘ullana boshlagan. Yosh himoyachi 2025-yilda O‘zbekiston Superligasida debyut qilgan, keyinchalik U23 terma jamoasi va milliy jamoaga jalb etilgan.
Taxminlar kuchaymoqda

Karimovning Abduqodir Husanov bilan Fransiya elchixonasidagi tadbirda birga ko‘rinish berishi ramziy ahamiyatga ega. Husanov 2023-yilda «Lans»ga o‘tib, Fransiya chempionati orqali Yevropa futbolida tanilgan va keyinchalik «Manchester Siti» safiga qo‘shilgan.
Shu sababli Karimov ham Husanov bosib o‘tgan yo‘ldan borishi mumkinligi muhokama qilinmoqda. Ammo hozirgi bosqichda «Lans»ga transferni amalga oshgan yoki kelishilgan bitim sifatida emas, klubning futbolchiga qiziqishi haqidagi xabar sifatida baholash kerak.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Behruz Karimov yana bir ligaga tavsiya qilingani haqida yozgan edi.