Avto

Chevrolet Cobalt o‘z mavqeyini yo‘qotmoqda — sabablar

Chevrolet Cobalt o‘z mavqeyini yo‘qotmoqda — sabablar
Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

O‘zbekistonda Chevrolet Cobalt avtomobili savdosi 2026-yilning birinchi yarmida keskin kamaydi. «O‘zavtosanoat» AJga ko‘ra, yanvar – iyun oylarida mamlakatda 40 ming dona Cobalt sotilgan. Bu 2025-yilning shu davridagiga nisbatan 26,6 ming dona yoki 39,4 foizga kamdir.

110 km nashri modelning savdosidagi o‘zgarishlarni tahlil qildi. Sotuvlarining qisqarishi O‘zbekiston avtomobil bozoridagi eng sezilarli o‘zgarishlardan biriga aylandi. Model hamon mamlakatda eng ko‘p sotilayotgan yengil avtomobil bo‘lib qolayotgan bo‘lsa-da, uning raqobatchilardan ustunligi sezilarli darajada kamaygan.

Chevrolet Cobalt o‘z mavqeyini yo‘qotmoqda — sabablar
Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Nashr tahlilida talab pasayishining sabablaridan biri sifatida avtomobil narxining oshishi ko‘rsatilgan. Natijada Cobalt budjet segmentidagi shubhasiz yetakchi maqomini asta-sekin yo‘qota boshlagan. Xaridorlar imtiyozli avtokredit va foizsiz bo‘lib to‘lash dasturlaridan foydalanib, zamonaviyroq, yaxshiroq jihozlangan hamda qimmatroq modellarni tanlamoqda.

Cobalt’ga raqobatchilar ko‘paydi

Chevrolet Onix savdosi bir yil ichida ikki baravardan ko‘proqqa oshgan. Tracker va Kia Sonet sotuvlarida 20 foizdan yuqori o‘sish kuzatilgan. BYD avtomobillariga bo‘lgan talab esa qariyb 1,5 baravar ko‘paygan. Bu xaridorlarning zamonaviy texnologiyalar, qulaylik, yoqilg‘i tejamkorligi va kengroq jihozlarga tobora ko‘proq e’tibor berayotganini ko‘rsatadi.

2026-yilning dastlabki olti oyida O‘zbekistonda jami 175,3 ming dona yengil avtomobil sotilgan. Bozor hajmi bir yil avvalgi ko‘rsatkichga nisbatan atigi 1,8 foizga oshgan. Shu bilan birga, Chevrolet’ning umumiy bozordagi ulushi 82,4 foizdan 77,6 foizgacha qisqargan.

Damas va Labo kabi tijorat avtomobillari hisobga olinmasa, Chevrolet yengil avtomobillari savdosidagi pasayish yanada yaqqol ko‘rinadi. Ushbu segmentda brend savdosi 13,7 foizga kamaygan, bozordagi ulushi esa 75,6 foizdan 67,4 foizgacha tushgan.

Cobalt mamlakatdagi eng ko‘p sotilayotgan yengil avtomobil bo‘lib qolmoqda, ammo uning umumiy savdodagi ulushi keskin qisqargan. 2025-yilning birinchi yarmida mamlakatda sotilgan barcha yengil avtomobillarning 39,2 foizi Cobalt hissasiga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, 2026-yilda bu ko‘rsatkich 23,3 foizgacha kamaygan.

Avvalroq «Kursiv» nashri Chevrolet Tracker narxi haqida yozgan edi.