
Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan kechiktirib rasmiylashtirgan fuqarolarga nisbatan ma’muriy javobgarlik bekor qilinib, uning o‘rniga yangi to‘lov tizimi joriy etiladi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.
Prezident qarori bilan aholiga ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlarini takomillashtirish hamda fuqarolar uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratishga qaratilgan yangi chora-tadbirlar belgilandi.
Qarorga ko‘ra, ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda huquq egasi o‘z vaqtida ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organga murojaat qilmagani aniqlansa, unga nisbatan ma’muriy javobgarlik chorasi qo‘llanmaydi. Buning o‘rniga kechiktirish muddatidan kelib chiqib, ro‘yxatdan o‘tkazish uchun oshirilgan stavkalar bo‘yicha to‘lov undirish tizimi joriy etiladi.
Meros va hadya qilingan uy-joylarga oid soliq
Agar soliq to‘lovchiga tegishli turar joy meros tariqasida yoki yaqin qarindoshidan hadya sifatida olingan bo‘lsa, ushbu uy-joyni sotishdan olingan daromadga soliq solinmasligi uchun belgilangan muddat vasiyat qiluvchi yoki hadya qiluvchining mazkur turar joyga bo‘lgan mulk huquqi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan sanadan boshlab hisoblanadi.
Taqiq qo‘yilgan uy-joylarda ro‘yxatdan o‘tish
Qaror bilan taqiq yoki xatlov qo‘yilgan turar joyda garovga oluvchining roziligisiz yashash va doimiy yoki vaqtincha ro‘yxatdan o‘tishga ruxsat berilishi ham belgilandi.
Bunda ro‘yxatdan o‘tayotgan shaxs mulkdor, garovga oluvchi yoki taqiqni qo‘yish yoxud yechishga mas’ul organning ichki ishlar organlariga qilgan murojaati asosida uning ro‘yxatdan o‘tganligi bekor qilinishiga oldindan rozilik bildirishi shart.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq ro‘yxatdan o‘tmagan master rejalar asosida qurilishga ruxsat berilmasligi haqida yozgan edik.