Yangiliklar

Eng namunali mahalla va eng orasta xonadon egalariga soliq imtiyozi beriladi

Ko‘p qavatli uylardagi kvartiralar uchun mol-mulk solig‘i, hovli-joy egalari uchun esa yer solig‘i bo‘yicha
Eng namunali mahalla va eng orasta xonadon egalariga soliq imtiyozi beriladi / Foto: ChatGPT

Mahallalarda obodonlashtirish ishlarini rag‘batlantirish va ilg‘or tajribalarni ommalashtirish uchun yangi tanlovlar hamda soliq imtiyozlari joriy etiladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev raisligidagi videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.

Yangi nominatsiyalar tashkil etiladi

Yig‘ilishda mehnat munosib rag‘batlantirilishi kerakligi ta’kidlandi. Shu munosabat bilan yil yakunida ko‘p qavatli uylardagi «Eng orasta xonadon», mahalladagi «Eng fayzli hovli», hududdagi «Eng obod ko‘cha» va tuman hamda viloyatdagi «Eng namunali mahalla» nominatsiyalari joriy etilishi belgilandi.

Tanlov g‘oliblari bo‘lgan ko‘p qavatli uylardagi kvartiralar uchun mol-mulk solig‘i, hovli-joy egalari uchun esa yer solig‘i bo‘yicha imtiyozlar beriladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Ilg‘or tajribalar ommalashtiriladi

Yaxshi natijalarga erishgan «mahalla yettiligi» a’zolari mukofotlanadi, ularning ish uslubi boshqa hududlarga namuna sifatida joriy etiladi. Shuningdek, mahallalarda shakllangan ilg‘or tajribalarni keng yoritish zarurligi qayd etildi.

Magistral yo‘llar atrofi obodonlashtiriladi

Yig‘ilishda hududlarda temir yo‘l atroflarini obodonlashtirish ishlari boshlanganiga ham e’tibor qaratildi. Xususan, Toshkent–Xiva temir yo‘l yo‘nalishi bo‘yida 285 ta mahalla joylashgan bo‘lib, mazkur yo‘nalish 45 ta tumandan o‘tadi.

Shu munosabat bilan barcha viloyat hokimlariga bir hafta muddatda hududidan o‘tuvchi magistral avtomobil yo‘llari va temir yo‘llar, shuningdek, ular atrofidagi uy-joy hamda tijorat obyektlarini to‘liq xatlovdan o‘tkazish vazifasi yuklatildi. Ikki hafta ichida ushbu hududlarni namunali qiyofaga keltirish bo‘yicha keng qamrovli dastur ishlab chiqib, amaliy natijaga erishish topshirildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda Mahallani rivojlantirish milliy instituti tashkil etilishi haqida yozgan edik.