
Xalqaro reyting agentligi Fitch Ratings Uzbekistan Airports’ning uzoq muddatli kredit reytingini «BB» darajasida tasdiqlab, prognozni «Barqaror»dan «Ijobiy»ga o‘zgartirdi. Bu haqda kompaniya rasmiy sahifasida ma’lum qildi.
Reyting prognozi nima uchun oshirildi
Fitch Ratings prognozni yaxshilashga kompaniyaning mustahkam moliyaviy ko‘rsatkichlari, so‘nggi yillarda amalga oshirilgan transformatsiya dasturi, korporativ boshqaruv tizimining takomillashuvi hamda xalqaro moliyaviy hisobot standartlarining joriy etilishi asos bo‘lganini qayd etdi.
O‘zbekistonning kredit profili ham inobatga olindi
Agentlik qarorida O‘zbekistonning kredit profili mustahkamlanayotgani va Uzbekistan Airports mamlakat transport hamda aviatsiya infratuzilmasini rivojlantirishdagi strategik ahamiyatga ega kompaniya ekani ham alohida ta’kidlangan.
Xalqaro moliya bozorlaridagi imkoniyatlar kengayadi
Reyting prognozining «Ijobiy» darajaga ko‘tarilishi Uzbekistan Airports’ga xorijiy investorlar va xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, yirik infratuzilma loyihalarini moliyalashtirish uchun xalqaro kapital bozorlaridan mablag‘ jalb etish imkoniyatlarini oshiradi.
Kompaniya moliyaviy barqarorlikni mustahkamlash, korporativ boshqaruvning ilg‘or xalqaro amaliyotlarini joriy etish hamda O‘zbekiston aeroportlari infratuzilmasini modernizatsiya qilish bo‘yicha ishlarni davom ettirishini ma’lum qildi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 2028-yilgacha UzAuto Motors avtomobillari narxi o‘rtacha $10,8 ming bo‘lishi haqida yozgandi.