Banklar va moliya

Markaziy bank huzurida Islomiy moliya kengashi tashkil etildi

Kengash besh nafar mutaxassisdan iborat
Markaziy bank huzurida Islomiy moliya kengashi tashkil etildi
Foto: Markaziy bank

Markaziy bank huzurida islomiy moliya faoliyatini muvofiqlashtiruvchi Islomiy moliya kengashi tuzildi. Bu haqda regulyator xabar berdi.

Yangi kollegial organ islomiy bank xizmatlari, mikromoliya tashkilotlari hamda Markaziy bank nazoratidagi boshqa moliya institutlari faoliyatini muvofiqlashtirish bilan shug‘ullanadi.

Kengash besh nafar mutaxassisdan iborat

Markaziy bank ma’lumotiga ko‘ra, Kengash tarkibiga Islom huquqi bo‘yicha to‘rt nafar mutaxassis va bir nafar texnik ekspert kiritilgan.

Kengash raisi etib Saidjamol Masayitov tayinlandi. Rais o‘rinbosari lavozimini Muhammadayubxon Homidov egalladi.

Shuningdek, kengash a’zolari sifatida Hikmatilla Toshtemirov, Abdullatif Tursunov hamda texnik ekspert Axrorjon Sadullayev faoliyat yuritadi.

Kengash qanday vazifalarni bajaradi

Yangi organ islomiy moliya standartlari loyihalarini xalqaro talablar va mahalliy qonunchilikni inobatga olgan holda ishlab chiqadi. Bundan tashqari, Markaziy bankka islomiy moliyani tartibga solish va nazorat qilish bo‘yicha xulosa hamda tavsiyalar beradi, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlashda ishtirok etadi.

Kengash banklar va mikromoliya tashkilotlariga metodik tavsiyalar berish, davriy maslahat uchrashuvlarini o‘tkazish, shuningdek islomiy moliya sohasidagi bahsli masalalar yuzasidan izohlar berish vakolatiga ham ega.

Xalqaro tashkilot bilan hamkorlik qiladi

Kengash Islom moliyaviy institutlari uchun buxgalteriya hisobi va audit tashkiloti — AAOIFI yig‘ilishlarida Markaziy bank nomidan ishtirok etadi. Zarurat tug‘ilganda ushbu tashkilot ishlab chiqayotgan hujjatlar loyihalari yuzasidan O‘zbekiston nomidan taklif va mulohazalar bildiradi.

Kengash o‘z faoliyati yakunlari bo‘yicha har yili Markaziy bank boshqaruviga hisobot taqdim etadi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan MB islom moliyasi bo‘yicha 7 ta standart joriy etishni rejalashtirayotgani haqida yozgandi.