Yangiliklar

O‘zbekistonda fuqarolar roziligisiz reklamali SMS va qo‘ng‘iroqlarini yuborish taqiqlanadi

1-noyabrdan
O‘zbekistonda fuqarolar roziligisiz reklamali SMS va qo‘ng‘iroqlarini yuborish taqiqlanadi
Foto: Getty Images

1-noyabrdan O‘zbekistonda fuqarolarning roziligisiz reklama mazmunidagi SMS-xabarlar va qo‘ng‘iroqlarni yuborishga ruxsat berilmaydi. Tegishli tartib prezidentning davlat xizmatlarini takomillashtirishga qaratilgan qarorida belgilandi.

Reklama faqat abonent roziligi bilan yuboriladi

Yangi tartibga ko‘ra, mobil aloqa orqali tovar, ish yoki xizmatlarni reklama qiluvchi yuridik va jismoniy shaxslar SMS-xabarlarni faqat abonentning yozma yoki elektron roziligi olinganidan keyin yuborishi mumkin bo‘ladi.

Reklama yuboruvchi tizimlar reyestrdan o‘tishi shart

Reklama qo‘ng‘iroqlari va SMS-xabarlarini tarqatish xizmatini ko‘rsatuvchi kompaniyalar o‘z axborot tizimlarini Shaxsga doir ma’lumotlar bazalarining davlat reyestrida ro‘yxatdan o‘tkazgandan keyingina bunday faoliyatni amalga oshirishi mumkin.

Tungi vaqtda reklama tarqatishga cheklov joriy etiladi

Qarorga muvofiq, mobil aloqa tarmoqlari orqali reklama qo‘ng‘iroqlari va SMS-xabarlarini soat 18:00 dan 09:00 gacha yuborish taqiqlanadi.

Abonent reklama xabarlarini bloklay oladi

Mobil aloqa operatorlari abonent talabiga binoan o‘zlari yuboradigan reklama qo‘ng‘iroqlari va xabarlarini to‘liq yoki qisman bloklash imkoniyatini yaratishi shart bo‘ladi.

Yana qanday yangiliklar bor

Qarorga ko‘ra, 2026-yil 1-oktabrdan fuqaroning familiyasi, ismi, otasining ismi yoki tug‘ilgan sanasi o‘zgarganda, davlat organlarining axborot tizimlaridagi ma’lumotlar idoralararo elektron hamkorlik orqali avtomatik ravishda yangilanadi.

Shuningdek, taqiq yoki xatlov qo‘yilgan turar joylarda ham garovga oluvchining roziligisiz yashash va doimiy ro‘yxatdan o‘tishga ruxsat beriladi. Bunda ro‘yxatdan o‘tuvchi shaxs zarurat tug‘ilganda uning ro‘yxati bekor qilinishiga oldindan rozilik bildirishi lozim.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan endi my.gov.uz orqali telefon raqami va bank kartalarini boshqarish mumkinligi haqida yozgandi.