Yangiliklar

Qatar Airways o‘zbekistonliklar uchun yangi bo‘sh ish o‘rinlarini e’lon qildi

Oziq-ovqat va xizmat ko‘rsatish, savdo, mijozlarga xizmat ko‘rsatish hamda oshxona yo‘nalishlari bo‘yicha
Qatar Airways o‘zbekistonliklar uchun yangi bo‘sh ish o‘rinlarini e’lon qildi / Foto: Qatar Airways

Xalqaro aviakompaniyada ishlashni istagan o‘zbekistonliklar uchun Qatar Airways tomonidan turli yo‘nalishlarda yangi ish imkoniyatlari taqdim etildi. Bu haqda Migratsiya agentligi ma’lum qildi.

Ish o‘rinlari qanday yo‘nalishlarda

Bo‘sh ish o‘rinlari orasida oziq-ovqat xizmati yordamchisi (F&B Food Service Assistant), kichik barista (Junior Barista), barista (Barista), barmen (Bartender), mehmonlarni kutib oluvchi xodim (Hostess), oziq-ovqat va ichimliklar bo‘limi jamoa rahbari (F&B Team Leader), oziq-ovqat va ichimliklar bo‘limi supervayzeri (F&B Supervisor), kassa yordamchisi (Till Assistant), savdo yordamchisi (Sales Assistant), katta savdo yordamchisi (Senior Sales Assistant) hamda do‘kon supervayzeri (Shop Supervisor) lavozimlari mavjud.

Shuningdek, navbatchi menejer (Duty Manager), oshpaz yordamchisi (Demi Chef de Partie), bo‘lim oshpazi (Chef de Partie), kichik bosh oshpaz o‘rinbosari (Junior Sous Chef), bosh oshpaz o‘rinbosari (Sous Chef), shu bilan birga, nemis, ispan va italyan tillarini biladigan mijozlarga xizmat ko‘rsatish agenti (Customer Service Agent) lavozimlariga ham nomzodlar qabul qilinmoqda.

Nomzodlarga qo‘yiladigan talablar

Mazkur ish o‘rinlariga nomzodlar 18 yoshdan katta bo‘lishi, kamida o‘rta ma’lumotga ega bo‘lishi hamda ingliz tilida erkin muloqot qila olishi lozim.

Qanday imtiyozlar taqdim etiladi

Kompaniya tomonidan O‘zbekiston–Qatar aviachiptasi, ishchi vizasi, turar joy, xizmat transporti, tibbiy sug‘urta, har yili O‘zbekistonga borib kelish uchun aviachipta hamda Qatar Airways reyslari uchun imtiyozli aviachiptalar taqdim etiladi.

Ariza topshirish usullari

Nomzodlar CVlarini to‘ldirib, Xorijda Ish platformasiga yuklashlari mumkin. Saralangan nomzodlar ish beruvchilarga tavsiya etiladi.

Shuningdek, nomzodlar o‘zlariga mos bo‘lgan kasb bo‘yicha talablar bilan tanishib, Qatar Airways rasmiy sayti orqali to‘g‘ridan to‘g‘ri ariza topshirishlari ham mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSh O‘zbekistonga mehnat migrantlari uchun viza tarixini oldindan tekshirishni tavsiya etgan edi.