
16-iyul sanasi jahon moliya tizimidagi o‘zgarishlar, yirik infratuzilma loyihalari hamda sport va san’at olami yulduzlarining tavalludi bilan yodda qolgan. Kursiv Uzbekistan kunning eng muhim voqealarini xronologik tartibda taqdim etadi.

1661-yili Yevropa qit’asida birinchi marta qog‘oz pullar muomalaga kiritildi. Shvetsiyaning «Stockholms Banco» banki asoschisi Yoxan Palmstrux tashabbusi bilan chop etilgan bu pullar aholini og‘ir mis tangalarni tashib yurish mashaqqatidan xalos qilgan va zamonaviy moliya tizimi uchun muhim qadam bo‘lgan.


1965-yilda Fransiya va Italiyani bog‘lovchi, Alp tog‘lari ostidan o‘tuvchi 11,6 kilometr uzunlikdagi mashhur Monblan tunneli rasman foydalanishga topshirildi. Ochilish marosimida Fransiyaning o‘sha vaqtdagi prezidenti Sharl de Goll va Italiya yetakchisi Juzeppe Saragat ishtirok etgan bo‘lib, ushbu muhandislik mo‘jizasi ikki davlat o‘rtasidagi masofani sezilarli darajada qisqartirgan.

1967-yili amerikalik taniqli komik, aktyor va prodyuser Uill Ferrell dunyoga keldi. O‘z faoliyatini mashhur Saturday Night Live teleko‘rsatuvida boshlagan aktyor keyinchalik «Elf» va «O‘gay og‘alar» kabi xit komediyalardagi rollari orqali xalqaro e’tirofga hamda nufuzli «Emmi» mukofotiga sazovor bo‘lgan.

1988-yilda ispan futboli afsonasi, «Barselona» klubining sobiq yarim himoyachisi Serxio Buskets tavallud topdi. Ispaniya terma jamoasi safida Jahon va Yevropa chempioni bo‘lgan sportchi kataloniyaliklar bilan uch marta Chempionlar Ligasida zafar quchgan.

1989-yili uelslik mashhur sobiq futbolchi Garet Beyl tug‘ilgan. O‘z tezligi va kuchli zarbalari bilan tanilgan hujumkor futbolchi «Real Madrid» tarkibida besh marta Chempionlar Ligasi g‘olibiga aylangan hamda klub tarixidagi eng qimmat transferlardan biri sifatida qayd etilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 10-iyul sanasida sodir bo‘lgan muhim hodisalar haqida xabar bergan edi.