
2026-yil 1-noyabrdan O‘zbekistonda yagona elektron reyestrga kiritilmagan master rejalar asosida qurilish, investitsiya va boshqa shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish taqiqlanadi. Bu Prezidentning urbanizatsiya va uy-joy qurilishi sohasidagi islohotlarni jadallashtirishga qaratilgan qarorida belgilandi.
Master rejalar elektron reyestrga kiritiladi
Qarorga ko‘ra, 2026-yil 1-noyabrdan Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasi master rejalarning yagona elektron reyestrini yuritadi. Ularning raqamlashtirilgan nusxalari ham Milliy qo‘mitada saqlanadi.
Ro‘yxatdan o‘tmagan hujjatlar kuchga ega bo‘lmaydi
Yangi tartibga asosan, elektron reyestrdan o‘tmagan master rejalarni amalga oshirish, shuningdek, ular asosida qurilish, shaharsozlik, investitsiya va boshqa loyihalarni boshlashga yo‘l qo‘yilmaydi.
Bosh reja bo‘yicha kompleks dastur ishlab chiqiladi
Aholi punkti bosh rejasi tasdiqlanganidan keyin uch oy ichida uni amalga oshirish bo‘yicha 3 yildan 5 yilgacha mo‘ljallangan kompleks dastur ishlab chiqiladi. Unda amalga oshiriladigan tadbirlar, ularni moliyalashtirish manbalari va muddatlari aniq belgilanadi.
Eski bosh rejalar davlat mablag‘lari hisobidan yangilanadi
Shuningdek, bosh rejasi mavjud bo‘lmagan yoki ishlab chiqilganiga 10 yil va undan ortiq vaqt o‘tgan aholi punktlarining bosh rejalari hamda batafsil rejalashtirish loyihalari respublika budjeti mablag‘lari hisobidan ishlab chiqiladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 1-oktabrdan qurilish uchun yagona ID talab etilishi haqida yozgandi.