
Samsung Niderlandiyadagi rasmiy onlayn do‘konida Samsung Galaxy S26 turkumidagi smartfonlar uchun yangi chegirma kampaniyasini boshladi. Bu haqda Sammobile nashri xabar bermoqda.
Kompaniyaning Niderlandiyadagi internet-do‘konidan ilgari xarid qilgan mijozlar buyurtmani rasmiylashtirish vaqtida SUNNY26 promo-kodini kiritib, Galaxy S26, Galaxy S26+ yoki Galaxy S26 Ultra’ning istalgan konfiguratsiyasiga 150 yevro chegirma olishlari mumkin.
Kompaniyaning onlayn do‘konidan birinchi marta xarid qilayotgan foydalanuvchilar uchun esa qo‘shimcha imtiyoz taqdim etiladi. Buning uchun xaridni amalga oshirishdan oldin Samsung akkauntiga kirish talab etiladi. Shundan so‘ng chegirma savatchaga avtomatik ravishda qo‘llanadi.

Yangi mijozlar Galaxy S26 yoki Galaxy S26+ xaridida 150 yevro, Galaxy S26 Ultra uchun esa 250 yevro tejashlari mumkin. Bu taklif Samsung kompaniyasining rasmiy do‘konidan ilk bor buyurtma berayotgan foydalanuvchilarga mo‘ljallangan.
Yana qanday imkoniyatlar bor
Samsung Care+ xizmatiga birinchi marta obuna bo‘lgan xaridorlarga dastlabki uch oy bepul taqdim etiladi. Mazkur xizmat qurilmani tasodifiy shikastlanishlardan himoya qilish imkonini beradi.
Galaxy S26 turkumidagi smartfon bilan birga boshqa Samsung mahsulotlarini xarid qilgan mijozlarga ham qo‘shimcha chegirmalar mavjud. Aksessuarlar, planshetlar, Galaxy Book noutbuklari, aqlli soatlar va boshqa mos qurilmalarni buyurtmaga qo‘shishda chegirma miqdori 30 foizgacha yetishi mumkin.

Smartfon haqida
Galaxy S26 turkumi uchta model — Galaxy S26, Galaxy S26+ va Galaxy S26 Ultra’dan iborat. Bazaviy model 6,3 dyuymli FHD+, S26+ esa 6,7 dyuymli QHD+ Dynamic AMOLED 2X displey bilan jihozlangan. Har ikkala ekran 1–120 Hz oralig‘ida moslashuvchan yangilanish chastotasini qo‘llab-quvvatlaydi. Galaxy S26’da 4 300 mA/soat, S26+ modelida esa 4 900 mA/soat sig‘imli akkumulyator o‘rnatilgan.
Galaxy S26 va S26+ modellari 50 MP asosiy, 12 MP ultra keng burchakli va uch karra optik yaqinlashtirish imkoniyatiga ega 10 MP telefoto kameradan foydalanadi. Old kamera 12 MP aniqlikka ega. Smartfonlar 8K formatda soniyasiga 30 kadrgacha video yozishi, tungi tasvirlarni qayta ishlashi hamda Galaxy AI vositalari yordamida suratlarni tahrirlashi mumkin. Ayrim bozorlarda qurilmalar Snapdragon 8 Elite Gen 5 for Galaxy, boshqalarida esa Exynos 2600 protsessori bilan sotiladi.
Avvalroq «Kursiv» Samsung Galaxy S27 Ultra uchta kamera bilan chiqishi mumkinligi haqida yozgan edi.