Yangiliklar

SpaceX aksiyalari ilk bor IPO narxidan pastladi

Investorlar ehtiyotkor bo‘lib bormoqda
SpaceX aksiyalari ilk bor IPO narxidan pastladi
Foto: X/SpaceX

Ilon Maskning SpaceX kompaniyasi aksiyalari 15-iyul kungi savdolarda ilk bor IPO narxidan pastga tushdi. Kun davomida aksiyalar $132,15 gacha arzonlashgan, kompaniya IPO vaqtida esa bir dona aksiya narxi $135 etib belgilangan edi.

Oninvest xabariga ko‘ra, SpaceX aksiyalari 16-iyun kuni $225,64 darajagacha ko‘tarilgan edi. Hozirgi narx ushbu maksimumdan 41 foiz past.

Shuningdek, aksiyalar 14-iyuldagi yopilish narxiga nisbatan ham 3 foizga arzonlashgan.

IPO rekord darajada yirik bo‘lgan

SpaceX’ning IPO’si hajmi bo‘yicha rekord bo‘ldi. Kompaniya ommaviy joylashtirish orqali $86 mlrd jalb qilgan.

Bloomberg ma’lumotiga ko‘ra, birjadagi dastlabki uch kunda aksiyalar qariyb 50 foizga ko‘tarilgan, keyingi uch kunda esa qiymatining chorak qismini yo‘qotgan.

Investorlar ehtiyotkor bo‘lib bormoqda

Tahlilchilar fikricha, aksiyalarning erta bosqichda IPO narxidan pastga tushishi investorlar ishonchiga salbiy ta’sir qilishi mumkin.

SLC Management vakili Dek Mallarkiyning aytishicha, investorlar SpaceX qiymatining katta qismi xAI bilan bog‘liq ambitsiyalarga tayanayotganini ko‘proq anglay boshlagan. Bozorlar sun’iy intellekt infratuzilmasi xarajatlariga ehtiyotkor qarayotgan bir paytda, bunday rejalar hozirgi pul oqimidan ancha uzoq ko‘rinishi mumkin.

Tahlilchilar baribir o‘sishni kutmoqda

Shunga qaramay, tahlilchilarning aksariyati SpaceX aksiyalariga ijobiy qaramoqda.

MarketWatch ma’lumotiga ko‘ra, 28 tahlilchi aksiyalarni sotib olishni tavsiya qilgan, besh nafari ushlab turishni, ikki nafari esa sotishni maslahat bergan.

O‘rtacha maqsadli narx $243,47 etib belgilangan. Bu 14-iyuldagi yopilish narxiga nisbatan qariyb 80 foizlik o‘sish ehtimolini anglatadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq SpaceXAI Grok 4.5 sun’iy intellekt modelini chiqargandi. Yangi model dasturiy kod yaratish bilan birga moliyaviy va yuridik hujjatlar bilan ishlash, ko‘p bosqichli topshiriqlarni bajarish hamda bilim talab qiladigan korporativ vazifalarni hal etishga moslashtirilgan.