Sport

Super kambek! Argentina so‘nggi soniyalarda Angliyani mag‘lub etib, JCh finaliga chiqdi

Foto: FIFA.com

Futbol bo‘yicha Jahon Chempionatining yarim final bosqichidan o‘rin olgan uchrashuvda Angliya hamda Argentina terma jamoalari o‘zaro to‘qnash keldi. Bahsda argentinaliklar o‘yin yakunida kambek amalga oshirib, 1:2 hisobida zafar quchdi.

Kutilganidek, har ikki jamoa uchun o‘ta muhim bo‘lgan ushbu bahs murosasiz kurashlarga boy bo‘ldi. O‘yinning birinchi taymi haqiqiy «jang» maydonini eslatdi. Futbolchilarning har bir qarich yer uchun oxirigacha kurash olib borishi maydonda tez-tez qo‘polliklar yuzaga kelishiga sabab bo‘ldi.

Foto: FIFA.com

Hakam ushbu vaziyatlarni nazorat qilish va ehtiroslarni biroz bosish maqsadida sariq kartochkalarga murojaat qilishga majbur bo‘ldi. Xususan, angliyalik Elliot Anderson va argentinalik himoyachi Lisandro Martinez ogohlantirildi. Birinchi bo‘limda hisob ochilmadi.

Foto: FIFA.com

O‘yinning hal qiluvchi pallalaridan biri 55-daqiqaga to‘g‘ri keldi. Angliya terma jamoasi chiroyli kombinatsiya uyushtirdi. Morgan Rodjersning ajoyib uzatmasidan so‘ng Entoni Gordon qulay imkoniyatga ega bo‘ldi va raqib darvozasini aniq nishonga olib, jamoasini hisobda oldinga olib chiqdi — 1:0.

Foto: FIFA.com

Ushbu goldan so‘ng Argentina terma jamoasi hisobni tenglashtirish uchun bor kuchi bilan oldinga tashlandi. Angliya himoyachilari uzoq vaqt davomida ishonchli harakat qildi, biroq amaldagi jahon chempionlari taslim bo‘lishni istamadi. 85-daqiqada Leo Messi tomonidan uzatilgan to‘pni Enzo Fernandes jarima maydoni tashqarisidan kuchli zarba bilan darvozaga joylab, muvozanatni tikladi — 1:1.

Foto: FIFA.com

Ushbu goldan so‘ng o‘yin qo‘shimcha bo‘limlarga qarab ketayotgandek edi. Biroq, hakam tomonidan asosiy vaqtga qo‘shib berilgan daqiqalarda argentinaliklar hujum tashkil etishdi. Yana o‘sha Leo Messining ajoyib uzatmasidan so‘ng Lautaro Martines to‘pni boshi bilan darvozaga joylab, jamoasiga g‘alaba keltiruvchi golni urdi — 1:2.

Ma’lumot uchun, endi Argentina terma jamoasi 20-iyul dushanbaga o‘tar kechasi Ispaniyaga qarshi Jahon chempionati finalida maydonga tushadi. Avvalroq Kursiv nashri Ispaniya Fransiyani yengib, dastlabki finalchiga aylangani haqida xabar bergan edi.