
17-iyul sanasi jahon tarixida siyosat, ko‘ngilochar sanoat va sport olamidagi ulkan o‘zgarishlar bilan yodda qolgan. Kursiv Uzbekistan kunning eng muhim voqealarini xronologik tartibda taqdim etadi.

1954-yili Germaniyaning sobiq kansleri Angela Merkel tavallud topdi. U 2005-yildan 2021-yilgacha mamlakat hukumatini uzluksiz boshqarib, Germaniya tarixidagi ilk ayol kanslerga aylandi. Uzoq yillar davomida u jahon siyosatidagi eng kuchli va ta’sir doirasi keng ayollardan biri bo‘lib keldi.

1955-yilda Kaliforniyaning Anaxaym shahrida Uolt Disney o‘zining uzoq kutilgan orzusi bo‘lgan ilk Disneylend ko‘ngilochar parkini ochdi. Qurilishiga $17 mln sarflangan ushbu maskan qisqa vaqt ichida butun dunyoga mashhur bo‘ldi. Bugungi kunda bu brend dunyo ko‘ngilochar sanoatining eng yirik qismiga aylanib ulgurgan.

1972-yili niderlandiyalik mashhur futbolchi Yap Stam dunyoga keldi. U «Manchester Yunayted» va «Milan» kabi jamoalardagi qo‘pol, yonib o‘ynaydigan va devor kabi mustahkam himoyasi tufayli o‘zbekistonlik xalqaro futbol ishqibozlari xotirasida saqlanib qolgan. Xususan, u 1999-yilda ingliz klubi safida uchta yirik turnirda g‘alaba qozonib, tarixiy trebl qayd etgan.

1994-yilda futbol bo‘yicha Braziliya terma jamoasi Italiyani penaltilar seriyasida (3:2) mag‘lub etib, to‘rtinchi marta Jahon chempioni bo‘ldi. Asosiy vaqti golsiz yakunlangan o‘yin oxirida italiyalik afsonaviy futbolchi Roberto Badjoning hal qiluvchi penaltini osmonga tepgan vaziyati futbol muxlislari xotirasida mangu muhrlanib qolgan.

2014-yili Butunjahon Emoji kuni ilk bor nishonlandi. Bugungi kunda yozishmalarda, ayniqsa Telegram kanallari va ijtimoiy tarmoqlarda faol ishlatadigan smayliklar bayrami aynan 17-iyulda o‘tkazilishiga mantiqiy sabab bor. Apple kompaniyasining iOS tizimidagi taqvim smayligida aynan shu sana ko‘rsatilgan edi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 16-iyul sanasida sodir bo‘lgan muhim hodisalar haqida xabar bergan edi.
