Yangiliklar

Davlat yordamini olgan muhojirlar Green Card’dan mahrum bo‘lishi mumkin

Yangi tartib 2026-yil 18-sentabrdan rasman amal qila boshlaydi
Davlat yordamini olgan muhojirlar Green Card’dan mahrum bo‘lishi mumkin
Foto: Getty Images

Donald Tramp ma’muriyati davlat ijtimoiy yordam dasturlaridan foydalanadigan muhojirlar uchun «Yashil karta» (Green Card) olish tartibini yanada qat’iylashtirdi. Bu haqda The New York Times nashri xabar berdi.

Yangi tartibga ko‘ra, immigratsiya xodimlari davlat yordamiga qaram bo‘lib qolishi mumkin deb hisoblangan arizachilarga yashil karta berishni rad etish bo‘yicha kengroq vakolatlarga ega bo‘ladi. Bunda oziq-ovqat talonlari, tibbiy sug‘urta va boshqa ijtimoiy dasturlardan foydalanish ham baholanishi mumkin.

Tramp Bayden davridagi tartibni bekor qildi

Yangi qoida Jo Bayden ma’muriyati joriy etgan cheklovlarni bekor qiladi. Avvalgi tartibga ko‘ra, aksariyat naqd pulsiz davlat yordamlaridan foydalanish «Yashil karta» berishni rad etish uchun asos bo‘lmas edi.

Minglab oilalarga ta’sir qilishi kutilmoqda

AQSh Ichki xavfsizlik vazirligi hisob-kitobiga ko‘ra, yangi siyosat sabab qariyb 950 ming kishi davlat yordam dasturlaridan voz kechishi yoki ularga umuman murojaat qilmasligi mumkin. Huquq himoyachilari bu qaror muhojir oilalar, jumladan, AQSh fuqarosi bo‘lgan bolalarning ham oziq-ovqat, tibbiy xizmat va uy-joy bo‘yicha yordam olishiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini ta’kidlamoqda.

Yangi qoida sentabrda kuchga kiradi

AQSh Fuqarolik va immigratsiya xizmatlari (USCIS) ma’lumotiga ko‘ra, yangi tartib 2026-yil 18-sentabrdan rasman amal qila boshlaydi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Tramp siyosati sabab Green Card olish yanada qiyinlashishi mumkinligi haqida yozgandi.