
Jaloliddin Masharipov — O‘zbekiston milliy terma jamoasi va Eronning «Istiqlol» klubi safida to‘p surayotgan professional futbolchi. U 1993-yil 1-sentabrda Xorazm viloyatida tug‘ilgan va futbolchilik faoliyatini «Paxtakor» akademiyasida boshlagan.
Kursiv Uzbekistan futbolchi haqidagi qiziqarli faktlarni keltirib o‘tadi.
1. Futbolga kirib kelishida akasining hissasi katta

Jaloliddin Masharipovning futbolchi bo‘lishiga akasi Jamoliddin Masharipov sababchi bo‘lgan. Aynan akasining qo‘llab-quvvatlashi va tavsiyalari tufayli u yoshligidan futbol bilan jiddiy shug‘ullanishni boshlagan.
Jaloliddin intervyularidan birida aytishicha, u akasi Jamoliddin bilan Toshkentda futbol bilan shug‘ullangan. Oilasida moliyaviy qiyinchiliklar yuzaga kelganligi sababli ota-onasi Rossiyaga ishlashga ketgan. Kichik singlisi Xorazmda qarovsiz qolganini ko‘rgan katta Masharipov orzularidan kechib viloyatga qaytgan. Jaloliddinning futbol bilan shug‘ullanishiga yo‘l ochib bergan.
2. Krishtianu Ronaldu bilan bir jamoada o‘ynagan ilk o‘zbekistonlik futbolchi

Jaloliddin Masharipov 2021-yilda Saudiyaning «Al-Nassr» klubiga transfer qilindi. 2023-yil yanvar oyida klub safiga Krishtianu Ronaldu kelgach, Masharipov u bilan bir jamoada to‘p surgan ilk o‘zbekistonlik futbolchi sifatida tarixga kirdi. Ular 2023-yilning birinchi yarmida birgalikda mashg‘ulotlar va rasmiy uchrashuvlarda ishtirok etgan.
Masharipov Ronaldu klubga kelgach unga 7 raqamini berib, o‘zi 77 raqami ostida davom etgan.
3. Futboldan tashqari yirik biznes loyihalariga ham ega

Masharipov tadbirkorlik bilan ham shug‘ullanadi. Unga kafeteriy, telefon va aksessuarlar do‘koni, qurilish kompaniyasi hamda Toshkent viloyatidagi «Oq uy» nomli dam olish maskani tegishli. 2023-yilda uning «JM» qurilish kompaniyasi tomonidan turarjoy majmualari qurilishi boshlandi, keyinchalik xonadonlar o‘z egalariga topshirildi. Shuningdek, futbolchi dam olish maskanini ijaraga berish orqali ham qo‘shimcha daromad oladi.
4. Professional faoliyatini «Paxtakor»da boshlagan

U «Paxtakor» akademiyasi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. 2013-yildan boshlab klubning asosiy jamoasida maydonga tusha boshlagan va qisqa vaqt ichida jamoaning yetakchi futbolchilaridan biriga aylangan.
5. Oliy ligadagi ilk golini «Lokomotiv» darvozasiga urgan

Masharipov O‘zbekiston chempionatidagi ilk golini 2014/2015-yilgi mavsumda «Lokomotiv» darvozasiga kiritgan. Keyinchalik ham ushbu jamoaga qarshi o‘yinlarda bir necha bor samarali harakatlari bilan ajralib turgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Jahongir O‘rozov haqida 5 ta qiziqarli faktni yozgandi.