Avto

Leapmotor kompaniyasi yangi modellarini taqdim etdi

Leapmotor kompaniyasi yangi modellarini taqdim etdi
Foto: Sohu

Xitoyning Leapmotor kompaniyasi yangilangan B10 elektr krossoveri va B01 elektr sedanini taqdim etdi. Bu haqda CarNewsChina nashri xabar bermoqda.

Yangilangan Leapmotor B10’ning Xitoydagi narxi 99,8 ming yuandan 125,8 ming yuangacha, ya’ni taxminan $14,7 mingdan $18,5 minggacha etib belgilandi. B01 sedani esa 95,8 ming yuandan 119,8 ming yuangacha — qariyb $14,1–17,6 ming oralig‘ida sotiladi.

Foto: Sohu

Har ikki model to‘liq 800 voltli kremniy karbidli yuqori kuchlanish platformasida qurilgan. Elektromobillarning barcha versiyalariga Qualcomm 8650 chipi asosidagi haydovchiga ko‘maklashish tizimi va lidar sensori o‘rnatiladi. Odatda yuqori narxli elektromobillarda uchraydigan bunday texnologiyalarning byudjet segmentiga tushirilishi Leapmotor’ning asosiy ustunligi sifatida ko‘rsatilmoqda.

B10 va B01 ikkita akkumulyator sig‘imi bilan taklif etiladi. CLTC standartiga ko‘ra, krossover bir quvvatlashda 610 kilometrgacha, sedan esa 670 kilometrgacha yo‘l bosishi mumkin. 800 voltli platforma va 3C tezkor quvvatlash texnologiyasi yordamida akkumulyatorni 30 foizdan 80 foizgacha to‘ldirish uchun 16 daqiqa talab etiladi.

Foto: Sohu

Texnik imkoniyatlar

Modellarning boshlang‘ich versiyalari 132 kVt yoki 177 ot kuchiga ega elektr dvigatel bilan jihozlanadi. Qimmatroq talqinlarda 180 kVtli 241 ot kuchiga ega hamda 185 kVtli 248 ot kuchiga teng motorlar taklif qilinadi. Leapmotor B10 soatiga 100 kilometr tezlikka 6,4 soniyada, B01 esa 6,1 soniyada erishadi.

B10 ixcham elektr krossoverining uzunligi 4 515 millimetr, eni 1 885 millimetr, balandligi 1 655 millimetrni tashkil etadi. G‘ildiraklar bazasi 2 735 millimetrga teng. Yumaloq kuzov dizayniga ega avtomobil havo qarshiligini kamaytiruvchi faol radiator panjarasi bilan jihozlangan.

B01 sedanining uzunligi 4 770 millimetr, eni 1 880 millimetr va balandligi 1 490 millimetrni tashkil qiladi. Uning g‘ildiraklar bazasi ham 2 735 millimetrga teng. Kuzovning aerodinamik qarshilik koeffitsiyenti 0,197 Cd bo‘lib, bu energiya sarfini kamaytirish va yurish masofasini oshirishga xizmat qiladi.

Foto: Sohu

Ichki qismi

Avtomobillarning multimedia va raqamli boshqaruv tizimi Qualcomm 8295 chipida ishlaydi, B01’da esa uning 8295P talqini qo‘llanilgan. Tizim sun’iy intellekt asosidagi ovozli va multimodal boshqaruvni hamda avtomobil dasturiy ta’minotini masofadan to‘liq yangilash imkonini beradi.

B10 salonida 17,3 dyuymli 3K markaziy ekran o‘rnatilgan, qo‘shimcha ravishda 55 dyuymli tasvir hosil qiluvchi AR-HUD proyeksion displeyi taklif etiladi. B01 esa uch ekranli tizim va 50 dyuymli AR-HUD bilan jihozlanadi.

Leapmotor xavfsizlikka ham alohida e’tibor qaratgan.

Har ikki model kuzovining 75 foizdan ortig‘i yuqori mustahkam po‘latdan tayyorlangan. Shinalardan biri to‘satdan yorilgan taqdirda, maxsus boshqaruv tizimi avtomobilni 500 millisekund ichida barqarorlashtirishi aytilmoqda.

Avvalroq «Kursiv» Leapmotor B03X elektromobili uchun buyurtmalar ochilgani haqida yozgan edi.