
Nikaragua hukumati Italiya tashqi ishlar vaziri Antonio Tayani sobiq «Qizil brigadalar» a’zosi Alessio Kazimirrini ekstraditsiya qilishni talab qilganidan so‘ng Rim bilan diplomatik munosabatlarni uzganini e’lon qildi. Bu haqda Nikaragua Tashqi ishlar vazirligining rasmiy bayonotida ma’lum qilindi.
Managua Italiya tashqi siyosat idorasi rahbarining bayonotlarini «asossiz, tajovuzkor va mas’uliyatsiz» deb baholadi. Nikaragua tomoni Tayanining so‘zlari mamlakat xalqi va hukumatiga nisbatan haqorat sifatida qabul qilinganini bildirdi. Diplomatik aloqalarni uzish qarori esa milliy suverenitetni himoya qilish chorasi sifatida izohlandi.
Mojaroga Tayanining Madridda qilgan chiqishi sabab bo‘ldi. U 1978-yilda Italiyaning sobiq bosh vaziri Aldo Moroning o‘g‘irlab ketilishi va o‘ldirilishini eslatib, Nikaraguani mazkur jinoyatga aloqador deb hisoblangan Alessio Kazimirrini Italiyaga topshirishga yana bir bor chaqirdi.
O‘zi nima bo‘lgan
Italiya sudi Kazimirrini terrorchilik harakatlarida, jumladan Aldo Moroning qo‘riqchilariga hujum qilish, siyosatchini o‘g‘irlash va o‘ldirishda ishtirok etganlikda aybdor deb topib, sirtdan olti marta umrbod qamoq jazosiga hukm qilgan. U 1980-yillar boshida Italiyani tark etgan va 1983-yildan buyon Nikaraguada yashab keladi. Kazimirri ushbu mamlakat fuqaroligini olgan hamda restoran va baliqchilik biznesi bilan shug‘ullanadi.
Nikaragua hukumati Italiya tashqi ishlar vazirining talablarini «Yevropacha takabburlik» namoyishi deb atadi. Managua fikricha, Kazimirrini ekstraditsiya qilish talabi va Nikaragua haqidagi ochiq tanqidlar mamlakat suverenitetiga hurmatsizlik hisoblanadi.
Nikaragua Tashqi ishlar vazirligi ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar ilgari o‘zaro hurmat va tushunish tamoyillariga asoslanganini ta’kidladi. Bayonotda rasmiy Managua yuzaga kelgan vaziyatdan afsusda ekanini hamda kelajakda Italiya bilan munosabatlar yaxshilanishiga umid qilishini bildirdi.
Avvalroq «Kursiv» O‘zbekiston va Italiya savdo, investitsiya hamda madaniy hamkorlikni kengaytirishi haqida yozgan edi.