
ZTE kompaniyasining Nubia brendi sun’iy intellekt imkoniyatlariga ega yangi Nubia Navi X Ultra flagman smartfonini rasmiy taqdimotdan bir necha soat oldin namoyish qildi. Bu haqda Gizmochina nashri xabar berdi.
Nubia Navi X Ultra 17–20-iyul kunlari Shanxayda o‘tkaziladigan Jahon sun’iy intellekt konferensiyasi — WAIC 2026 doirasida rasman taqdim etilishi rejalashtirilgan. Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, bu faqat tajriba namunasi emas, balki ommaviy ishlab chiqarish uchun tayyorlangan to‘laqonli flagman smartfon bo‘ladi.
Qurilma qora, och pushti, kumushrang va ko‘k ranglarda ishlab chiqariladi. Uning orqa paneli markaziga Nubia logotipi joylashtirilgan. Gorizontal shakldagi kamera blokida uchta obyektiv o‘rnatilgan. Hozircha kameralar, protsessor, ekran va batareyaning batafsil texnik xususiyatlari oshkor qilinmagan.
Nubia Navi X Ultra’ning narxi, sotuv boshlanadigan sana va xalqaro bozorga chiqarilishi haqidagi ma’lumotlar rasmiy taqdimot vaqtida e’lon qilinishi kutilmoqda.
Brend haqida
Nubia — 2012-yil oktabrida tashkil etilgan Xitoy smartfon brendi bo‘lib, u ZTE kompaniyasining mobil qurilmalar ekotizimiga kiradi. Brend o‘zini noodatiy dizayn, mobil fotografiya va yangi texnologiyalarni ommaviy qurilmalarga olib kirishga yo‘naltirilgan ishlab chiqaruvchi sifatida namoyon etadi. Nubia’ning rasmiy shiori — «Be Yourself», ya’ni «O‘zing bo‘l».
Brendning ilk muhim modellaridan biri Nubia Z5 bo‘lgan. ZTE ma’lumotiga ko‘ra, ushbu qurilma Xitoydagi birinchi barcha asosiy mobil tarmoqlarda ishlay oladigan «full Netcom» smartfon sifatida ishlab chiqilgan. Keyinchalik Nubia Z9 ekrani yon ramkalarsiz ishlangan ilk smartfonlardan biriga, Z17S esa ramkasiz to‘liq ekranli dizayn yo‘nalishidagi muhim modellardan biriga aylandi. Shu tariqa Nubia dastlabki yillardanoq kamera imkoniyatlari va ekran dizayni orqali boshqa Xitoy brendlaridan ajralib turishga harakat qilgan.
Avvalroq «Kursiv» may oyidagi eng yaxshi smartfon e’lon qilingani haqida yozgan edi.