
Ohangarondagi maishiy chiqindilar poligonida yuz bergan yong‘in oqibatida atmosfera havosining ifloslanishi yuzasidan 683,9 mln so‘mlik kompensatsiya to‘lovlari hisoblandi. Bu haqda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi ma’lum qildi.
Poligondagi yong‘in havoni zaharlagan
Ekopolitsiya xodimlari tomonidan 11 – 12-iyul kunlari Toshkent shahri havosining ifloslanishi yuzasidan o‘rganish o‘tkazildi.
Unda Ohangaron tumani, «Yangi hayot» qo‘rg‘onidagi Ohangaron trassasining 32-kilometrida joylashgan maishiy chiqindilar poligonida chiqindilarni joylashtirish va ko‘mish talablari yetarli darajada tashkil etilmagani sababli 10-iyul kuni yong‘in sodir bo‘lgani aniqlandi.
Shu kunning o‘zida viloyat Ekoboshqarmasi xodimlari tomonidan joyida o‘rganish o‘tkazilib, poligon rahbari ma’muriy javobgarlikka tortildi hamda yong‘inni bartaraf etish bo‘yicha majburiy ko‘rsatma berildi.
Yong‘in ertasi kuni ham davom etgan
Ekopolitsiya tomonidan o‘tkazilgan qayta o‘rganishda majburiy ko‘rsatmaga qaramay yong‘in 11-iyul kuni ham davom etgan. Shu sababli poligon rahbari Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 91-moddasi 2-qismi bilan takroran jarimaga tortildi.
Laboratoriya tahlillariga ko‘ra, yong‘in oqibatida atmosferadagi uglerod oksidi me’yordan 10,7 barobar, formaldegid 12,2 barobar, azot ikki oksidi 12,8 barobar, oltingugurt ikki oksidi 9 barobar, vodorod sulfid esa 1,5 barobar yuqori ekani aniqlangan.
Iflos havo poytaxtgacha yetib keldi
11-iyul kuni soat 19:00 – 20:00 oralig‘ida Toshkent shahrida shamol kuzatilmagan. Shundan so‘ng shamol sharqiy va janubi-sharqiy yo‘nalishdan, ya’ni Ohangaron tomondan 5–8 m/s, ayrim hududlarda esa 10 m/s dan yuqori tezlikda esgan.
Aynan shu vaqtda atmosfera havosi monitoring stansiyalarida PM₂,₅ va PM₁₀ zarrachalari konsentratsiyasining bir vaqtda oshgani qayd etilgan.
Hujjatlar sudga yuboriladi
Laboratoriya tahlillari yakuniga ko‘ra, atmosfera havosining ifloslanishi sababli «MAXSUSTRANS-ISHB» DUKga 683 870 000 so‘m miqdorida qo‘shimcha kompensatsiya to‘lovi hisoblandi. Mazkur holat yuzasidan hujjatlar sud organiga yuborish uchun tayyorlanmoqda.
Ma’lumot uchun, Ohangaron tumani «Yangi hayot» hududidagi maishiy chiqindilar poligonining qurilishi 2021-yilda boshlangan. Hozirga qadar obyekt foydalanishga topshirilmagan bo‘lsa-da, 2025-yil may oyidan buyon Toshkent shahrida hosil bo‘layotgan maishiy chiqindilar ushbu poligonga olib kelinib joylashtirilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 30 yildan oshgan avtomobillar egalariga majburiy ekologik to‘lov bo‘lmasligi haqida yozgan edik.