
O‘zbekiston Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (IHTT)ning Soliq ishlari bo‘yicha o‘zaro ma’muriy yordam to‘g‘risidagi konvensiyasiga qo‘shildi. Hujjat soliq sohasida xalqaro hamkorlikni kengaytirish va axborot almashish tizimini takomillashtirishga xizmat qiladi, deya xabar berdi «Dunyo» axborot agentligi.
Hujjat Parijda imzolandi
Konvensiyaga qo‘shilish marosimi Parijdagi IHTT shtab-kvartirasida bo‘lib o‘tdi. Mazkur hujjat soliq hamkorligi bo‘yicha muhim ko‘p tomonlama xalqaro vositalardan biri hisoblanadi.
Bugungi kunda ushbu konvensiyaga 152 ta davlat a’zo. U O‘zbekiston uchun soliq sohasida ma’muriy hamkorlikning turli shakllaridan foydalanish imkonini beradi.
Axborot almashish osonlashadi
Konvensiya soliq ma’lumotlarini so‘rov asosida almashish, avtomatik axborot ayirboshlash va bir vaqtning o‘zida soliq tekshiruvlarini o‘tkazish uchun huquqiy asos yaratadi.
Shuningdek, u soliq majburiyatlarini undirishda davlatlar o‘rtasida o‘zaro yordam ko‘rsatishni ham nazarda tutadi.
Alohida ikki tomonlama bitim talab qilinmaydi
Ushbu mexanizm orqali har bir davlat bilan alohida ikki tomonlama bitim tuzish shart bo‘lmaydi. Hujjat soliq to‘lashdan bo‘yin tovlashga qarshi kurashish, transchegaraviy iqtisodiy faoliyat shaffofligini oshirish va soliq organlari salohiyatini mustahkamlashga yordam beradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq eng namunali mahalla va eng orasta xonadon egalariga soliq imtiyozi berilishi haqida xabar berilgandi. Tanlov g‘oliblari bo‘lgan ko‘p qavatli uylardagi kvartiralar uchun mol-mulk solig‘i, hovli-joy egalari uchun esa yer solig‘i bo‘yicha imtiyozlar beriladi.