Yangiliklar

O‘zbekistonning madaniy merosi dunyoning nufuzli muzeylarida namoyish etiladi

Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi huzurida Madaniy loyihalar milliy operatori tashkil etilishi mumkin
O‘zbekistonning madaniy merosi dunyoning nufuzli muzeylarida namoyish etiladi / Foto: Saida Mirziyoyeva Telegram kanali

2026–2027-yillarda O‘zbekistonning tarixiy va madaniy merosiga oid yuzlab noyob eksponatlar dunyoning nufuzli muzey va ko‘rgazma maydonlarida namoyish etiladi. Shavkat Mirziyoyev shu xususdagi taqdimot bilan tanishdi.

Xalqaro ko‘rgazmalar

Taqdimotda 2026-yil sentabr oyida Dohadagi Islom san’ati muzeyida «Uzbekistan: Heritage in Motion», noyabr oyida esa Milandagi Prada fondida «Global Antiquity» xalqaro arxeologiya ko‘rgazmasini tashkil etish rejalari ko‘rib chiqildi.

2027-yilda Venetsiyadagi Palasso Grimani va Yaponiyaning Nara milliy muzeyida O‘zbekistonning bronza davridan ilk o‘rta asrlargacha bo‘lgan tarixini aks ettiruvchi 200 dan ortiq arxeologik topilmalar namoyish etiladi. Milandagi Palasso Realeda esa oltin kashtachilik, so‘zana, ikat, zargarlik buyumlari va amaliy san’at namunalaridan iborat 150 dan ortiq eksponat taqdim etilishi rejalashtirilgan.

Foto: President.uz

Restavratsiya va yangi madaniy loyihalar

Taqdimotda madaniy meros obyektlarini restavratsiya qilish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Romanovlar saroyida O‘zbekiston davlat san’at muzeyi filialini tashkil etish, Muxtor Ashrafiy uy-muzeyini zamonaviy muhandislik, xavfsizlik va multimedia tizimlari bilan jihozlash rejalari taqdim etildi.

Shuningdek, Florensiyada Abu Ali ibn Sinoning hayoti va ilmiy merosiga bag‘ishlangan ko‘rgazma o‘tkazish, Yaponiya, Buyuk Britaniya, Xitoy, Saudiya Arabistoni va boshqa davlatlarning yetakchi madaniy muassasalari bilan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan.

O‘zbekiston san’ati xalqaro sahnalarda

Taqdimotda «Tamerlano» operasining jahon sahnalaridagi namoyishi yakunlari va kelgusi rejalari ham muhokama qilindi. Joriy yilda ushbu asar Dubay operasi, Venadagi «Muzikferayn», Sankt-Peterburgdagi Mariinskiy teatri hamda Versal saroyi Qirollik operasi sahnalarida namoyish etildi.

Foto: President.uz

2027-yil mart oyida «Tamerlano» operasini Nyu-Yorkdagi mashhur «Karnegi-xoll» konsert zalida sahnalashtirish rejalashtirilgan.

Shuningdek, Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi huzurida Madaniy loyihalar milliy operatorini tashkil etish taklif qilindi. U yirik xalqaro madaniy tadbirlarni tashkil etish, ularni xorijda targ‘ib qilish va «Sharq taronalari» xalqaro musiqa festivalini tayyorlash uchun mas’ul bo‘ladi.

Yangi festival va loyihalar

Joriy yil 11–13-sentabr kunlari Nukus shahrida Orol madaniyati sammiti o‘tkaziladi. Unda madaniyat, ilm-fan, me’morchilik, dizayn va ekologiya sohalari vakillari Orolbo‘yini barqaror rivojlantirish masalalarini muhokama qiladi.

Bundan tashqar, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatrida «Turandot» operasi va «Shelkunchik» baleti yangi talqinda sahnalashtiriladi. 2027-yilgi Buxoro biyennalesi doirasida esa madaniy meros obyektlarini restavratsiya qilish, tarixiy hududlarni obodonlashtirish va ko‘rgazma maydonlarini tayyorlash rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq prezident raisligidagi videoselektor yig’ilishida Mahallani rivojlantirish milliy instituti tashkil etilishi haqida ma’lum qilingan edi.