Yangiliklar

Rossiyada migrantlar uchun telefon xarid qilish majburiyati joriy etilmagan — O‘zbekiston TIV

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Kursiv Uzbekistan’ga ma’lum qildi
Rossiyada migrantlar uchun telefon xarid qilish majburiyati joriy etilmagan — O‘zbekiston TIV
Foto: TIV

Rossiyaga kelayotgan barcha migrantlar maxsus telefon sotib olishi shartligi haqidagi xabarlar haqiqatga to‘liq mos emas. O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Kursiv Uzbekistan’ga bu boradagi ma’lumotlar noto‘g‘ri talqin etilayotganini ma’lum qildi.

Qonun loyihasi hali qabul qilinmagan

TIV matbuot kotibi Omonulla Fayziyevning aytishicha, Rossiyada migrantlar uchun maxsus telefon xarid qilish majburiyatini nazarda tutuvchi hujjat hozircha faqat muhokama bosqichida bo‘lib, kuchga kirmagan.

Talab barcha migrantlarga taalluqli emas

Qayd etilishicha, qonun qabul qilingan taqdirda ham u barcha xorijliklarga emas, balki mobil qurilmaga ega bo‘lmagan yoki «Amina» ilovasini texnik jihatdan qo‘llab-quvvatlamaydigan telefonlardan foydalanayotgan shaxslarga nisbatan qo‘llanishi rejalashtirilgan.

«Amina» ilovasidan foydalanish majburiy

2025-yil sentabridan Moskva viloyatida sinov tariqasida joriy etilgan «Amina» ilovasi orqali migrantlarning geolokatsiyasi nazorat qilinadi. Rossiyaga vizasiz kirgan voyaga yetgan muhojirlar ushbu ilovadan foydalanishi shart. Agar geolokatsiya ma’lumotlari uch ish kunidan ortiq tizimga uzatilmasa, migrant migratsiya ro‘yxatidan chiqarilishi mumkin.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Rossiyaga ishlashga borgan migrantlar telefon xarid qilishi shart bo‘lishi haqida yozgandi.