
Toshkentda Bektemir yo‘li va Katta halqa yo‘li kesishmasida ta’mirlash ishlari olib borilayotgani sababli ayrim avtobuslar harakati vaqtincha o‘zgartirildi. O‘zgarish 93, 110, 117, 128 va 130-sonli yo‘nalishlarga taalluqli.
Avtobuslar boshqa ko‘chalar orqali yuradi
Toshkent shahar transport va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish bosh boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, Food City savdo markazidan keyin avtobuslar Katta halqa yo‘li, Furqat ko‘chasi va Bektemir yo‘li orqali harakatlanadi.

Mazkur tartib ta’mirlash ishlari yakunlangunga qadar amal qiladi.
Tirbandlik bo‘lishi mumkin
Ta’mirlash ishlari sababli ushbu hududda tirbandliklar yuzaga kelishi mumkin. Shu bois avtobuslarning harakat jadvali va oraliq vaqtlari odatdagidan farq qilishi ehtimoli bor.
Yo‘lovchilardan yo‘lga chiqishdan oldin qatnovlarini oldindan rejalashtirish so‘raladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Namanganga 12 ta zamonaviy Ankai avtobusi olib kelingandi. Avtobuslar yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi «Malakali avtotrans servis» MChJ tomonidan olib kelindi. Mazkur transport vositalari shahar ichidagi yo‘nalishlarga brutto shartnomasi asosida qatnovga chiqariladi.