
Vivo yangi budjet smartfoni Vivo T5 Lite 44W 5G modelini namoyish qildi. Gizmochinaga ko‘ra, qurilma katta akkumulyator, 120 gertsli ekran, IP65 himoya darajasi va MIL-STD-810H harbiy standarti bo‘yicha mustahkam korpusga ega.
Smartfon 6500 mA/soat sig‘imli akkumulyator bilan jihozlangan. Ishlab chiqaruvchiga ko‘ra, batareya 1600 ta quvvatlash siklidan keyin ham dastlabki sig‘imining kamida 80 foizini saqlab qoladi.
Qurilma 44 vattli tezkor quvvatlashni qo‘llab-quvvatlaydi. Batareyani 1 foizdan 50 foizgacha taxminan 38 daqiqada quvvatlash mumkin.
Ekran 120 gertsli, lekin HD+ formatda
Vivo T5 Lite 44W 5G 6,74 dyuymli LCD ekran bilan taqdim etildi. Displey 120 gerts yangilanish chastotasi va 1200 nitgacha maksimal yorqinlikka ega.
Shu bilan birga, ekran aniqligi HD+ darajasida bo‘lib, 1600×720 pikselni tashkil qiladi.
Xotirani 2 TB gacha kengaytirish mumkin
Smartfon MediaTek Dimensity 6300 protsessorida ishlaydi. Xaridorlarga 4 yoki 6 GB tezkor xotira hamda 128 yoki 256 GB ichki xotiraga ega versiyalar taklif etiladi.
Qurilma microSD karta orqali xotirani 2 TB gacha kengaytirishni ham qo‘llab-quvvatlaydi.
Kamera va qo‘shimcha imkoniyatlar
Asosiy kamera 50 megapikselli sensor va yordamchi moduldan iborat. Selfi uchun 5 megapikselli old kamera o‘rnatilgan.
Orqa panelda bildirishnomalar uchun kichik RGB indikator ham mavjud.
Smartfon chang va suvdan himoyalangan
Vivo T5 Lite 44W 5G IP65 standarti bo‘yicha chang va suv sachrashidan himoyalangan.
Shuningdek, qurilma zarba va yiqilishlarga chidamlilik bo‘yicha MIL-STD-810H harbiy standarti talablariga mos keladi.
Smartfonda yon tomonga o‘rnatilgan barmoq izi skaneri, 3,5 mm quloqchin porti, Android 16 va Origin OS 6.0 interfeysi mavjud.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Vivo X500 Pro Max qanday imkoniyatlar bilan chiqishi haqida xabar berilgandi. Qurilma Indoneziyaning TKDN regulyatori sertifikatidan o‘tdi. Smartfon V2610 model raqami ostida ro‘yxatdan o‘tgan, avvalroq ushbu raqam IMEI GSMA bazasida ham aynan Vivo X500 Pro Max bilan bog‘langan edi.