Lifestyle

Apple taxtni qaytardi: uning qiymati 4,9 trln dollarga yetdi

Apple taxtni qaytardi: uning qiymati $4,9 trlnga yetdi
Foto: Getty Images

Apple bozor kapitallashuvi bo‘yicha Nvidia’ni ortda qoldirib, yana dunyodagi eng qimmat ochiq kompaniyaga aylandi. Bu haqda Bloomberg xabar berdi.

17-iyul kungi savdolarda Nvidia aksiyalari 3,7 foizga arzonlashdi. Natijada grafik protsessorlar ishlab chiqaruvchisining bozor qiymati $4,8 trln gacha kamaydi. Apple aksiyalari esa 0,4 foizga qimmatlashib, kompaniya kapitallashuvini $4,9 trln ga yetkazdi.

Nvidia 2025-yil mayidan buyon dunyoning eng qimmat kompaniyalari reytingida yetakchilik qilib kelayotgan edi. Sun’iy intellekt texnologiyalariga talab ortishi fonida kompaniyaning bozor qiymati oktabr oyida $5 trln chegarasiga yetgan.

Reuters’ning qayd etishicha, yetakchining almashishi investorlar e’tibori Nvidia singari sun’iy intellekt rivojlanishidan eng ko‘p foyda ko‘rgan kompaniyalardan boshqa yirik texnologik korporatsiyalarga ham yo‘nala boshlaganini ko‘rsatadi.

Apple uzoq vaqt davomida o‘z sun’iy intellekt modellarini ishlab chiqishga raqobatchilar darajasida mablag‘ ajratmagani sabab ushbu texnologik poygada ortda qolayotgan kompaniya sifatida baholanib kelgan. Biroq tahlilchilarga ko‘ra, investorlarning kompaniyaga munosabati endi o‘zgarmoqda.

Ekspertlar qanday fikrda

BRI Wealth Management investitsiyalar bo‘limi rahbari Toni Medouzning ta’kidlashicha, Apple sun’iy intellekt texnologiyalaridan o‘z xizmatlari orqali daromad olish, foydalanuvchilarni ekotizimda ushlab qolish va qurilmalarni yangilashga undash uchun qulay mavqega ega.

Uning fikricha, Apple aksiyalarining qayta baholanishi sun’iy intellekt atrofidagi spekulyativ o‘sishdan ko‘ra, kompaniya daromadlarining barqarorligiga bo‘lgan ishonchni aks ettirmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Apple SI chip ishlab chiqaruvchilarini sotib olmoqchi bo‘lgani haqida yozgan edi.