
Avatr brendi Xitoyda yangi Avatr 07L elektr krossoveriga oldindan buyurtmalar qabul qilishni boshladi. Bu haqda CarNewsChina nashri xabar bermoqda.
Modelning eng kuchli versiyasi uchta elektromotor bilan jihozlangan bo‘lib, ularning umumiy quvvati 712 kVt yoki 955 ot kuchiga yetadi.
Avatr 07L Xitoy bozorida ikkita elektr versiyada taklif etilmoqda. Boshlang‘ich Max+ komplektatsiyasi 249,9 ming yuan, yuqori darajadagi Ultra versiyasi esa 279,9 ming yuanga baholangan. Bu mos ravishda qariyb $36,9 ming va $41,3 mingga teng.

Texnik imkoniyatlar
Max+ versiyasida orqa o‘qqa o‘rnatilgan 305 kVt quvvatli bitta elektromotor qo‘llanilgan. 409 ot kuchiga teng ushbu tizim avtomobilni 100 km/soat tezlikka 5,9 soniyada olib chiqadi. 89,33 kVt/soat sig‘imli litiy-temir-fosfat batareyasi CLTC sikli bo‘yicha 725 km gacha masofa bosib o‘tish imkonini beradi.
Boshlang‘ich komplektatsiyaning o‘zidayoq pnevmatik osma, Huawei kompaniyasining 896 qatorli LiDAR sensori, old oynaning pastki qismida joylashgan 35,4 dyuymli ekran, to‘qqizta xavfsizlik yostiqchasi hamda elektr yuritmali eshiklar mavjud.

Avatr 07L Ultra old o‘qda bitta va orqa o‘qda ikkita elektromotorga ega. Uch motorning umumiy quvvati 712 kVt yoki 955 ot kuchini tashkil etadi. Krossover 100 km/soat tezlikka 3,7 soniyada chiqadi, bir marta quvvatlanganda esa CLTC standartiga ko‘ra 650 km gacha yo‘l bosadi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Avatr 06T avtomobili taqdim etilgani haqida yozgan edi.