Yangiliklar

Bond omborlari uchun 15 ming kv.m talab belgilandi

Bond omborlari reestriga kirish istagidagi tadbirkor Bojxona qo‘mitasiga ariza va nizomda nazarda tutilgan hujjatlarni taqdim etadi
Bond omborlari uchun 15 ming kv.m talab belgilandi
Foto: Pexels

O‘zbekistonda bond omborlari faoliyatini tashkil etish va ularda tovarlarni saqlash tartibi belgilandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.

Yangi nizom bond omborlarini tashkil etish, ularning faoliyatiga qo‘yiladigan talablar, tovarlarni bunday omborlarga joylashtirish, shuningdek, bojxona nazorati va rasmiylashtiruvini amalga oshirish tartibini belgilaydi.

Nizomga muvofiq, bond ombori faoliyatini yuritish uchun erkin ombor faoliyatiga tegishli amaldagi litsenziya mavjud bo‘lishi hamda ombor Bond omborlari reestriga kiritilishi lozim. Ushbu talablarga javob bermagan subyektlarga bond ombori sifatida ishlashga ruxsat berilmaydi.

U qanday ishlaydi

Bond omborlarida, jumladan, maxsus elektron savdo platformalari orqali jismoniy shaxslarga sotiladigan xorijiy tovarlarni saqlash mumkin bo‘ladi. Shuningdek, tovarlarning o‘zgarmagan holda but saqlanishini ta’minlash, ularni saralash, qadoqlash va oddiy yig‘ish bilan bog‘liq ayrim operatsiyalarni bajarishga ruxsat etiladi.

Bond omborlari reestriga kirish uchun bir qator talablar belgilangan. Xususan, bond ombori joylashadigan hududda erkin ombor faoliyatini amalga oshirish bo‘yicha amaldagi litsenziya bo‘lishi, maxsus elektron savdo platformasi bilan hamkorlik yoki sheriklik shartnomasi tuzilishi talab etiladi.

Bundan tashqari, talabgor umumiy maydoni kamida 15 ming kvadrat metr bo‘lgan yaxlit erkin omborga ega bo‘lishi kerak. Omborning bojxona nazoratini amalga oshirish, tovarlarni hisobga olish va xavfsiz saqlash imkonini beradigan zarur infratuzilma bilan ta’minlangan bo‘lishi ham ko‘zda tutilgan.

Ro‘yxatga olish ishlari

Bond omborlari reestriga kirish istagidagi tadbirkor Bojxona qo‘mitasiga ariza va nizomda nazarda tutilgan hujjatlarni taqdim etadi. Qo‘mita ariza kelib tushgan kundan boshlab o‘n ish kuni ichida hujjatlarni ko‘rib chiqadi.

Ko‘rib chiqish yakunlariga ko‘ra, ariza beruvchiga uni Bond omborlari reestriga kiritish yoki reestrga kiritishni rad etish haqidagi javob xati yuboriladi. Rad etilgan taqdirda, qarorning asoslari ariza beruvchiga ma’lum qilinishi kerak.

Yangi tartib xorijiy tovarlarni O‘zbekiston hududida bojxona nazorati ostida saqlash, ularni elektron savdo orqali jismoniy shaxslarga yetkazib berish jarayonlarini tartibga solish hamda elektron tijorat logistikasini rivojlantirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Avvalroq «Kursiv» yashirin sex va omborlar fosh bo‘lgani haqida yozgan edi.